AsosiyJamiyat

Malayziya Bosh vazirining o`rinbosari Toshkentda uchrashuvlar o`tkazdi

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Malayziya Bosh vazirining o`rinbosari, ta`lim vaziri Muhiddin bin Hoji Muhammad Yassin 5 may kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev bilan uchrashdi.

Muloqot chog`ida O`zbekiston bilan Malayziya o`rtasidagi aloqalar ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida ko`plab sohalarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta`kidlandi, deya xabar beradi O`zA.

Bugungi kunda O`zbekiston va Malayziya o`rtasida turli sohalarni, jumladan, savdo-sarmoya, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, havo transporti qatnovi, ilm-fan, madaniyat, sayyohlik, tabiiy resurslarni o`zlashtirish kabi yo`nalishlarni qamrab oluvchi yigirmadan ziyod hujjatdan iborat bo`lgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos mavjud.

O`zbekistonda Malayziya sarmoyasi ishtirokida iqtisodiyotning neft-gaz, to`qimachilik sanoati, mebelsozlik, elektr texnikasi mahsulotlarini ishlab chiqarish, moliyaviy xizmatlar ko`rsatish va boshqa jabhalarni qamrab olgan ko`plab qo`shma korxonalar faoliyat yuritmoqda.

– O`zbekiston bilan Malayziya o`rtasidagi hamkorlik bugungi kunda iqtisodiyot, ta`lim va sayyohlik kabi sohalarda jadal ravnaq topmoqda, – dedi Muhiddin bin Hoji Muhammad Yassin. – Sayyohlik sohasidagi o`zaro hamkorligimiz ulkan salohiyatga ega. Malayziyada O`zbekistonni, xususan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarni ziyorat qilishni, mamlakatingizning jahon sivilizasiyasiga qo`shgan ulkan hissasini yaqindan o`rganishni istovchilar juda ko`p.

Malayziya Bosh vazirining o`rinbosari, ta`lim vaziri Muhiddin bin Hoji Muhammad Yassin O`zbekiston oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Alisher Vahobov bilan uchrashdi. Muzokarada mamlakatlarimiz o`rtasida ta`lim yo`nalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish haqida so`z yuritildi. 

Uchrashuvda O`zbekiston va Malayziya o`rtasida ta`lim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani, talabalar almashinuvining keng yo`lga qo`yilgani bunga yorqin misol ekani ta`kidlandi. Bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakatning ta`lim muassasalari o`rtasidagi aloqalarni kengaytirish, o`zaro tajriba almashuvini yanada faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Muhiddin bin Hoji Muhammad Yassin O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o`qituvchilari va talaba-yoshlar bilan ham uchrashdi.

Mazkur universitetda yigirmaga yaqin xorijiy til, jumladan, malay tili bo`yicha saboq beriladi. Oliy o`quv yurtida faoliyat yuritayotgan Malay tili markazi talabalarning ushbu tilni chuqur o`zlashtirishida ko`maklashish barobarida universitet bilan hamkorlikda qator madaniy tadbirlar, anjuman va seminarlar o`tkazib keladi.

Bugungi kunda O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti Malayziyaning qator ta`lim muassasalari, jumladan, Perlis va Sulton Idris universitetlari va Allians tibbiyot kolleji bilan faol hamkorlikni yo`lga qo`ygan.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan Malayziyaning Binari universiteti o`rtasida hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolandi.

 

    Boshqa yangiliklar