5 may kuni Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan Vatikan Davlatining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Ivan Yurkovich Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi Ortiq Yusupov qabulida bo`ldi.
Ivan Yurkovich O`zbekistonga bu safar kelganida juda ko`p ijobiy o`zgarishlarning guvohi bo`lganligini qayd etdi, deya xabar beradi Din ishlari bo`yicha qo`mita Axborot xizmati. Jumladan, katolik cherkovining ishga tushishi munosabati bilan Urganch shahriga borganligi va u erdagi dindorlar hayoti bilan tanishish bilan bir qatorda mahalliy hokimiyat xodimlari, shuningdek, o`zini-o`zi boshqarish idoralari vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazganligini ma`lum qildi.
Qo`mita raisi tomonidan darhaqiqat, yurtimizda kun sayin ijobiy o`zgarishlar bo`lib turganligi, dinlar hamda dindorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar tobora rivoj topib borayotganligini ta`kidlandi.
Yurkovich nafaqat katoliklarning bayramlari, balki boshqa dunyoviy va diniy bayramlar hamda tadbirlarda ishtirok etish istagida ekanligini izhor etdi. Ortiq Yusupov ham bu taklifni ma`qullab, Din ishlari bo`yicha qo`mita ishtirokida tashkil etiladigan yirik tadbirlarga albatta elchi janoblarini taklif etishlarini ma`lum qildi.
Shuning bilan birga, keyingi safar Toshkent islom universiteti professor-o`qituvchilari va talabalari bilan alohida uchrashuv o`tkazish mumkinligini ham bildirib o`tildi.
Qo`mita raisi Rim-katolik cherkovi O`zbekistonda faoliyat olib borayotgan noislomiy diniy tashkilotlar orasida o`z faoliyatini qonun doirasida olib borishi bilan ajralib turishini hamda Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan o`tkaziladigan barcha tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotganini alohida ta`kidlab, ko`tarilgan masalalarda qonun doirasida ko`mak ko`rsatilishini ma`lum qildi.





