AsosiyJamiyat

I chorakda O`zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi plyus 25,5 darajani tashkil qildi

O`zbekiston korxonalari joriy yilning birinchi choragida yuqori ishbilarmonlik faolligini namoyon etdi. Bu tovar va xizmatlarga bo`lgan ichki talabning oshib borayotgani, ishbilarmonlik muhitining tobora yaxshilanayotgani bilan bog`liq.

Bu O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi va BMT Taraqqiyot dasturining «O`zbekiston biznes forumi» loyihasi mutaxassislari tomonidan mamlakatimizning yuzlab korxonalari rahbarlari o`rtasida o`tkazilgan navbatdagi biznes-so`rov natijasidir. Toshkentda bo`lib o`tgan «O`zbekistonda ishbilarmonlik faolligi va muhiti indekslari» mavzusidagi media-brifingda 2014 yilning birinchi choragidagi ma`lumotlar tahlil etilib, ikkinchi chorak prognozlari muhokama qilindi.

Ishbilarmonlik faolligi  va ishbilarmonlik muhiti indekslarini hisob-kitob qilish tadbirkorlarning kayfiyati va ishbilarmonlikning joriy ahvolini aniqlash, monitoring tartibida ishbilarmonlik faolligini kuzatish, bu boradagi tendensiyalar va kelajakdagi prognoz ko`rsatkichlarni belgilash imkonini beradi. Buning uchun sanoat, qishloq xo`jaligi, qurilish, transport, aloqa, savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat ko`rsatish sohalarida biznes-so`rov o`tkazilayotir, deya xabar beradi O`zA.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi ma`lumotlariga ko`ra, 2014 yilning dastlabki choragida ishbilarmonlik faolligi indeksi plyus 25,5 darajani tashkil qilgan va bu o`tgan 2013 yilgi ko`rsatkichdan 7,3 daraja yaxshidir. Ayniqsa, Andijon, Buxoro va Navoiy viloyatlari korxonalarida yuqori ishbilarmonlik muhiti kuzatilmoqda. Taqdim etilgan olti soha orasida sanoat, savdo, umumiy ovqatlanish, transport va aloqa tarmoqlari etakchilik qilayotir.

Mamlakatimiz korxonalari rahbarlari ham o`z biznes muhitini baholadi. Joriy yilning yanvar-mart oylarida ishbilarmonlik muhiti indeksi plyus 24,7 darajani tashkil etdi. Qonun hujjatlari va zamonaviy texnologiyalar haqidagi axborotdan erkin foydalanish, mahalliy hokimiyat organlari va soliq idoralari tomonidan qo`llab-quvvatlash biznesni rivojlantirish uchun eng qulay omillar sifatida qayd etildi. Ta`kidlash joizki, joriy yildan boshlab ishbilarmonlik muhiti indeksini baholash uchun yana ikki tarkibiy qism – yo`llar sifati va raqobat muhiti qo`shildi.

Mutaxassislarning fikricha, ishbilarmonlik faolligi indeksi va ishbilarmonlik muhiti indeksi ko`rsatkichlari bozor islohotlari izchillik bilan amalga oshirilayotgani va iqtisodiyot erkinlashtirilayotgani, ishbilarmonlik muhiti yaxshilanayotgani, raqobat kuchayib, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 7 aprelda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida investisiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni va 15 apreldagi  “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko`rsatish bilan bog`liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilayotir.

    Boshqa yangiliklar