Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida o`tkazilayotgan XXIII qishki Olimpiya o`yinlari qizg`in va murosasiz bahslarga boy o`tmoqda.
Musobaqaning figurali uchish bo`yicha juftlik o`rtasidagi bahslarida germaniyalik Alena Savchenko va Bruno Masso erkin dasturda birinchi o`rinni egalladi va Germaniya terma jamoasiga Olimpiadadagi sakkizinchi oltin medalni keltirdi.
Shuningdek, ushbu yo`nalishda Venszin Suy – Sun Xan (Xitoy) va Megan Dyuamel – Erik Redford (Kanada) kumush hamda bronza medallariga sazovor bo`ldi.
Olimpiadaning tog` chang`i turi bo`yicha erkaklar va ayollar o`rtasida ham g`oliblar nomi aniqlandi.
Erkaklar o`ratsidagi tezkor tushish bahslarida Aksel Lund Svindal (Norvegiya), Ketil Yansrud (Norvegiya), Beat Foys (Shveysariya) shohsupaga ko`tarilgan bo`lsa, ayollar o`rtasidagi gigant slalom yo`nalishida Mikaela Shiffrin (AQSh) oltin, Ragnxil Muvinkel (Norvegiya) kumush va Federika Brinone (Italiya) bronza medallariga ega bo`ldi.





