Poytaxtimizda “Malayziyada ta`lim – 2014” xalqaro ko`rgazmasi ochildi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Malayziyaning mamlakatimizdagi elchixonasi ko`magida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va “Education Voyage” agentligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda O`zbekiston va Malayziyaning oliy ta`lim muassasalari, diplomatik korpus vakillari, o`qituvchilar va talabalar ishtirok etmoqda.
Bugun har bir yigit-qiz nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham o`z bilimini yanada mustahkamlash, zamon talablari darajasida ta`lim-tarbiya olish, kasb-hunar egallash imkoniga ega. “Malayziyada ta`lim – 2014” xalqaro ko`rgazmasi yoshlarimizga bu borada keng imkoniyatlar yaratadi.
– O`zbekiston bilan Malayziya o`rtasida ta`lim yo`nalishidagi hamkorlik boshqa ko`plab sohalar qatori izchil rivojlanib borayotgani quvonarlidir, – dedi Muhiddin bin Hoji Muhammad Yassin. – Mamlakatlarimiz universitetlari o`rtasida o`zaro tajriba va axborot almashinuvi yaxshi yo`lga qo`yilgan. Kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasida ham samarali hamkorlik qilyapmiz. Malayziya texnikaviy hamkorlik dasturi doirasida mamlakatlarimiz turli vazirlik va idoralari o`rtasida ham yaqin hamkorlik o`rnatilgan. Bugungi ko`rgazma fan-ta`lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, talabalar va mutaxassislar almashinuvini faollashtirishga xizmat qiladi, deb o`ylayman.
Mamlakatimizda Malayziyaning qator ta`lim muassasalari, jumladan, Perlis va Sulton Idris universitetlari, Allians tibbiyot kolleji bilan faol hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Ko`rgazmada O`zbekiston va Malayziyaning o`ndan ortiq oliy o`quv muassasalari o`z xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
– O`zbekistonda ta`lim olish uchun yaratilgan imkoniyatlar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Teknikal Malaysia Melaka universitetining Axborot va kommunikasiya texnologiyalari fakulteti dekani, professor Mohd Kanapi Abd G`ani. – O`zbekiston yoshlarining bilimga chanqoqligi va qiziquvchanligi meni hayratlantirdi. Texnika yo`nalishiga ixtisoslashgan ta`lim muassasamizda elektronika va kompyuter muhandisligi, elektrotexnika, mashinasozlik, mashinasozlik texnologiyasi, texnologiya sohasida marketing kabi fakultetlar ish yuritmoqda.
Ko`rgazma ishtirokchilari O`zbekiston va Malayziya ta`lim tizimlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar bilan tanishish imkoniga ega bo`ldi. Ushbu ko`rgazma yurtimiz ta`lim muassasalarining Malayziya bilim yurtlari bilan amaliy hamkorligini yanada rivojlantirishga, ta`lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga, turli yo`nalishlarda malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ish bilan ta`minlashga munosib hissa qo`shadi.
Tadbir doirasida Malayziya rassomlarining ko`rgazmasi ham tashkil etildi. Unda malayziyalik musavvirlarning qator foto va badiiy asarlari namoyish etilmoqda.
Malayziya Bosh vazirining o`rinbosari, ta`lim vaziri Muhiddin bin Hoji Muhammad Yassin shu kuni Hazrati Imom (Hastimom) majmuini ziyorat qildi. Bu erda amalga oshirilgan keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.