O`zbekiston milliy terma jamoasiga xorijdan kuchli murabbiy olib kelish bo`yicha muzokaralar davom etmoqda. Hozircha bu borada og`zaki kelishuvga erishilgan bo`lib, tez orada rasmiy shartnoma imzolanadi va O`zbekiston milliy terma jamoasini boshqaradigan mutaxassis nomi e`lon qilinadi.
O`zbekiston milliy terma jamoasi shu yilning mart oyida Afrikaning ikkita kuchli terma jamoasi, JCh-2018 ishtirokchilari Senegal va Marokash terma jamoalari bilan safarda o`rtoqlik o`yini o`tkazishini yaxshi bilasiz.
Mana shu o`yinlarga futbolchilarni saralab olish, ularni tayyorlash va olib borish va murabbiylar shtabini shakllantirish uchun O`zbekiston milliy terma jamoasiga Temur Kapadze vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Tez orada Temur Kapadze terma jamoaning kengaytirilgan tarkibini O`FAga taqdim etadi.
Temur Kapadze faoliyatini Farg`onaning “Neftchi” jamoasida boshlagan. Keyinchalik “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Inchxon” (Janubiy Koreya), “Sharja” (BAA), “Aktobe” (Qozog`iston), “Lokomotiv” (Toshkent) klublarida to`p surgan.
Temur Kapadze o`tgan mavsumning oxirida futbolchilik faoliyati bilan xayrlashgan bo`lib, u O`zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida eng ko`p 119ta o`yin o`tkazgan futbolchi hisoblanadi.






