AsosiyJamiyat

«O`zekspomarkaz»da qishloq xo`jalik va axborot tizimlari tarmoq sanoat yarmarkalari ish boshladi

«O`zekspomarkaz»da Qishloq va suv xo`jaligi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste`mol tovarlari masalalari  hamda Axborot tizimlari va telekommunikasiya masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkalari boshlandi.

O`zbekistonda 2014 yilning birinchi choragida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,9 foiz, jumladan, iste`mol tovarlari ishlab chiqarish 12,8 foiz o`sdi, sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida iste`mol tovarlari ulushi 2013 yilning shu davridagi 29,5 foizdan 34,4 foizga o`sishiga erishildi, deya xabar beradi O`zA.

Sanoatning rivojlanishi mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, kooperasiya aloqalarini kengaytirish, barqaror sheriklik munosabatlarini o`rnatish, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bo`lgan talabni rag`batlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarning samarasidir.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasion birja aynan shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Tadbirlarning birinchi bosqichi doirasida Qishloq va suv xo`jaligi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste`mol tovarlari masalalari hamda Axborot tizimlari va telekommunikasiya masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkalari bo`lib o`tmoqda.

Tadbirlarda «O`zpaxtasanoat» uyushmasi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, «O`zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, «O`zagromashservis» uyushmasi, «O`zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi tarkibiga kiradigan 160  korxona ishtirok etmoqda.

Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi korxonalari ekspozisiyasi kengligi bilan ajralib turadi.  «Suvmash» ochiq aksiyadorlik jamiyati, «Buxoro MTZ» davlat unitar korxonasi, «Birodar» sho``ba korxonasi, «O`rama salnik» va «Megarezinaplast» mas`uliyati cheklangan jamiyatlari kabi «Suvinshootmash» uyushmasiga a`zo o`ttizdan ortiq korxona yuz turdan ziyod sanoat mahsulotini taqdim etdi. O`tgan yili soha korxonalari tomonidan qiymati 17 milliard so`mlik shartnomalar tuzilgan edi. Bu yil bu ko`rsatkich 42 milliard so`mga etishi kutilmoqda.

Ayniqsa, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi stendi ko`pchilikning  e`tiborini tortmoqda. Uyushma bugun yog`-moy, go`sht-sut, konserva mahsulotlari, spirtli ichimliklar, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarayotgan 180 korxonani o`z tarkibida birlashtirgan.

Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasining marketing boshqarmasi boshlig`i Nigora To`laganovaning so`zlariga ko`ra, bu galgi yarmarkalarda ellikdan ziyod korxona ishtirok etib, sakson turdan ortiq mahsulotini namoyish etayotir. Xususan, «Maselko» qo`shma korxonasi quyuqlashtirilgan sut, turli xil sariyog`, «Toshkent sifat sut» mas`uliyati cheklangan jamiyati bir necha turdagi pishloq, tvorog mahsulotlari va yogurtni namoyish etmoqda. Joriy yilda soha korxonalari qiymati 27 milliard so`mlik shartnoma tuzishni rejalashtirgan.

«O`zpaxtasanoat» uyushmasi ekspozisiyasi ham diqqatga sazovor. Uning tarkibiga kiradigan korxonalar mazkur yarmarkalarda sakkiz yildan buyon faol ishtirok etib kelmoqda. Bu yilgi yarmarkalarda yigirmadan ziyod korxona etmish turdan ortiq xalq iste`mol tovarlari, shuningdek, ayni paytda ishlab chiqarishi o`zlashtirilayotgan mahsulotlar namunasini taqdim etgan. Ular orasida «Paxtamash» ochiq aksiyadorlik jamiyati, «Rusart», «Ijod-ITM» mas`uliyati cheklangan jamiyatlari, «Samarqand paxtamash» ochiq aksiyadorlik jamiyati va boshqa korxonalar bor.

Uyushmaning investisiya loyihalarini jalb etish va amalga oshirish bo`limi boshlig`i Rinat G`ulomovning aytishicha, tarmoq sanoat yarmarkalari ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperasiyasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochib berayotir. Joriy yilda soha korxonalari paxta tozalash zavodlariga texnologik uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar etkazib berish uchun 22 milliard so`mlik shartnoma tuzishni rejalashtirmoqda.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasi korxonalarining stendlari ham katta qiziqish uyg`otmoqda. Ular raqamli televidenie to`lqinlarini qabul qilish moslamalari, turli modemlar, IPTV pristavka va multipleksorlar, stasionar hamda mobil telefonlar, boshqa yuqori texnologiyali mahsulotlarni namoyish etayotir. Ayniqsa,  «Olive Telecom» O`zbekiston-Hindiston qo`shma korxonasi stendi alohida ajralib turibdi. Mazkur korxona O`zbekistonda ishlab chiqarilgan ilk planshet kompyuteri, yangi mobil telefonlarning tajriba namunasi va «android» smartfonlarini taqdim etgan.

Tashkilotchilar bergan ma`lumotga ko`ra, taqdimot marosimlarida Qishloq va suv xo`jaligi, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste`mol tovarlari masalalari hamda Axborot tizimlari va telekommunikasiya masalalari komplekslarining korxonalari to`g`risida batafsil axborot bilan tanishish mumkin. 

    Boshqa yangiliklar