15 fevral kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev qirg`izistonlik hamkasbi Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma`lum qildi.
Suhbat boshida ikki davlat rahbari o`rtada diplomatik aloqalar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birini qutladi.
O`tgan davr ichida ikki qardosh xalq o`rtasida iliq do`stlik va qo`shnichilik munosabatlari o`rnatilgani ta`kidlandi.
Suhbat chog`ida ikki davlat rahbarlari o`zaro tashriflar chog`ida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta`minlash zarurligiga urg`u berdi. Shuningdek, ikki tomonlama va ko`p tomonlama kun tartibining boshqa masalalari bo`yicha fikr almashildi.
Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoev va Sooronbay Jeenbekov ikki mamlakat va xalq manfaatlari yo`lida do`stlik, qo`shnichilik va strategik hamkorlikni yana mustahkamlash davom ettirilishini ta`kidladi.