1

O`zbekiston Prezidenti "Jeneral Elektrik" kompaniyasi vise-prezidentini qabul qildi

Siyosat 16.02.2018, 09:27
O`zbekiston Prezidenti "Jeneral Elektrik" kompaniyasi vise-prezidentini qabul qildi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 fevral kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan AQShning General Electric kompaniyasi vise-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

"Jeneral elektrik" kompaniyasi jahonning ko`p tarmoqli etakchi korporasiyalaridan biridir. Bugungi kunda energetika, mashinasozlik, aniq uskunasozlik, elektr texnikasi, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari, moliya va boshqa ko`plab sohalarda faoliyat yuritadi.

Kompaniya dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritmoqda, uning korxonalarida 300 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. O`tgan yil yakunlariga ko`ra, kompaniya 120 milliard dollardan ziyod daromad olgan.

Uchrashuvda "Jeneral elektrik" kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyati kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda O`zbekistonda energetika infratuzilmasi ob`ektlarini modernizasiya qilish, jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida zamonaviy bug`-gaz qurilmalarini qurish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish, Pskom gidroelektr stansiyasini barpo etish, gaz etkazish tizimini rivojlantirish borasida qator ustuvor loyihalar, shuningdek, fuqaro aviasiyasi va sog`liqni saqlash sohalarida qo`shma dasturlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari energetika tarmog`idagi o`zaro manfaatli texnologik sheriklik hamda ishlab chiqarish kooperasiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini alohida ta`kidladi.

efb61d29-5b1d-b98d-bd9f-6f35d5a28fe4.jpg

Mamlakatimizda, jumladan, xorijning etakchi mutaxassislari va ekspertlarini jalb qilgan holda, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Ronald Jeyms Pollett Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul hamda yuqori texnologiyali tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

"Jeneral elektrik" kompaniyasi mamlakatimiz korxona va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1