Buxoro viloyatining Kogon tumanida chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodi ish boshladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Korxonaga tumandagi foydalanilmay yotgan bo`sh bino va inshootlar investisiya kiritish majburiyati bilan «nol» qiymatda berildi. Shartnomaga ko`ra, 1,6 milliard so`m mablag` sarflanib, yordamchi binolar ta`mirlandi. 5,5 milliard so`mlik investisiya kiritilib, zavodning asosiy ishlab chiqarish binolari qurildi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va uning viloyat filiali tomonidan ajratilgan 6 million AQSh dollaridan ziyod kredit hisobidan loyihaning birinchi bosqichi nihoyasiga etkazildi. Xitoyda ishlab chiqarilgan chiqindilarni saralash liniyasi o`rnatildi. U bir kecha-kunduzda 450 tonnagacha chiqindini qabul qilish quvvatiga ega. Zavodning chiqindilarni saralash liniyasi, aniqrog`i, korxonasida konveyer asosida dastlab og`ir jismlar – metall, tosh va shisha, so`ngra yaroqsiz rezina va avtoshinalar, yog`och-taxta bo`laklari, shox-shabba va xazon, makalatura, qurilish chiqindilari, plastmassa idishlar, yaroqsiz va qiyqim matolar saralanadi. Barcha jarayon to`liq va yarim to`liq avtomatlashtirilgan tarzda boshqariladi.
Chiqindilardan tayyorlanayotgan isitish qozonxonalarida foydalaniladigan muqobil piroliz yoqilg`isi, briket, sintetik tola, qog`oz karton, to`qimachilik matosi, pishgan g`isht, biogumus va boshqa mahsulotlar xaridorgir. Hademay, mato qiyqimlari va yaroqsiz matolardan to`qimachilik gazlamasi ishlab chiqarish ham yo`lga qo`yiladi.
Hozirgi paytda chiqindilarni tashish xizmati, saralash, qayta ishlash, qadoqlash sexlari va boshqa yordamchi bo`linmalarda 350 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda.