AsosiyJamiyat

Islom Karimov AQSh Davlat kotibining birinchi o`rinbosarini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 7 may kuni Oqsaroyda mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Amerika Qo`shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o`rinbosari Uilyam Byornsni qabul qildi.

Uchrashuvda o`zaro hamkorlik siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va ikki tomon uchun manfaatli bo`lgan boshqa sohalarda izchil rivojlanib borayotgani ta`kidlandi.

Turli sohalarda muntazamlik kasb etgan muloqotlar, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari va tashqi siyosat mahkamalari o`rtasidagi izchil aloqalar tomonlar uchun samarali va konstruktiv hamkorlikni qaror toptirish imkonini bermoqda.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga alohida e`tibor qaratildi.

Hozirgi vaqtda O`zbekistonda AQSh kompaniyalari ishtirokida tuzilgan 190 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 53 tasi to`laligicha xorij kapitali asosida tashkil etilgan. Mamlakatimizda AQShdagi 40 etakchi korporasiyaning vakolatxonalari ochilgan.

Suhbat davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, xususan, Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Uilyam Byorns samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, AQSh rahbariyati bundan buyon ham O`zbekiston bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.       

 

    Boshqa yangiliklar