Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida aholi salomatligini muhofaza qilish, xalqimizning sog`lom va uzoq umr kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratish, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni saqlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
O`zA muxbiri O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari, Respublika Bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod SAIDALIEV bilan aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzini shakllantirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar samaralari xususida suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda aholini yuqumli kasalliklardan himoyalashning mustahkam huquqiy asoslari hamda amaliy mexanizmi yaratilgan, – deydi S.Saidaliev. – Jumladan, tibbiy-sanitariya yordami ko`rsatish tubdan yaxshilangani, emlash tadbirlari yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o`tkazilayotgani xalqimizning hayot sifatini oshirish, tibbiy-profilaktik ishlar ko`lamini kengaytirishga xizmat qilayotir.
Davlatimiz rahbarining 2011 yil 28 noyabrda qabul qilingan «Sog`liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorida belgilangan vazifalar hayotga izchil tatbiq etilayotgani bu boradagi ishlar ko`lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo`lmoqda.
Ushbu qaror ijrosi tufayli sog`liqni saqlash tizimining barcha bo`g`inlari qatori sanitariya-epidemiologiya xizmatining ham moddiy-texnik salohiyati yuksalib, amaliyotda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanilmoqda. Bunday tadbirlar mamlakatimizda sanitariya-epidemiologiya holatini barqaror saqlash, o`ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Sanitariya-epidemiologiya sohasida barqarorlikka erishishda yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish muhim omil hisoblanadi. Immunoprofilaktika bu boradagi muhim yo`nalishlardan biridir.
Mamlakatimizda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlashning milliy taqvimi yaratilgan va u muttasil takomillashtirilmoqda. Jumladan, 18 yoshgacha bo`lgan bolalar o`nta yuqumli kasallikka qarshi emlanmoqda. Chaqaloqlarni gepatitning V turiga qarshi tug`ruqxonadayoq emlash yo`lga qo`yilgani ushbu kasallik bo`yicha epidemik vaziyatni yaxshilash imkonini berayotir. «Sog`lom bola yili» Davlat dasturida bu boradagi ishlarni takomillashtirish maqsadida ikki yuz ming nafar 1-3 yoshli bolani virusli gepatitning A turiga qarshi emlash rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish yuzasidan izchil ish olib borilayotir.
Davlat dasturida milliy emlash taqvimini takomillashtirish bilan bog`liq bir qator vazifalar belgilangan. Rejaga binoan yangi vaksinalarni joriy etish yuzasidan ish olib borilmoqda. Bugungi kunda bolalar o`rtasida tez-tez uchrayotgan, ularning salomatligiga jiddiy ta`sir etayotgan kasalliklardan bo`lgan diareyaga qarshi rotavirus vaksinasi qo`llanilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va BMTning bolalar jamg`armasi – YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida maxsus strategik loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida har yili etti million nafarga yaqin bola gijjaga qarshi laboratoriya tekshiruvidan o`tkazilmoqda.
– Aholi o`rtasida ovqatdan zaharlanish bilan bog`liq holatlar uchrab turadi. Joylarda buning oldini olish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Ma`lumki, bu muammoga asosan uy sharoitida, sanitariya-gigiena qoidalariga to`la rioya etilmay tayyorlanadigan konserva mahsulotlarini iste`mol qilish asosiy sabab bo`layotir. Bu jarayonda aholining tibbiy madaniyatini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda, aholi o`rtasida ovqatdan zaharlanish holatlarini o`rganish maqsadida uzluksiz profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda. Barcha dehqon bozorlarida tez ayniydigan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va sotish jarayoni uzluksiz nazoratga olingan. Bunday mahsulotlarning sifati muntazam ravishda laboratoriya tekshiruvidan o`tkaziladi. Uy sharoitida tayyorlangan konserva va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining savdosiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha muntazam reydlar o`tkazilayotir. 2013 yilda o`tkazilgan ana shunday tadbirlar jarayonida uy sharoitida tayyorlangan to`qqiz ming litrdan ortiq konserva mahsulotlari o`rnatilgan tartibda yo`q qilindi.
Bugungi kunda markaziy dehqon bozorlari va ularning shoxobchalariga mutaxassislarimiz biriktirilgan. Ular amaldagi chora-tadbirlar rejasiga muvofiq sanitariya nazorati olib bormoqda. Xususan, bozorlarning sanitariya holatini yaxshilash, tozalash, obodonlashtirish tadbirlarining o`tkazilishi, savdoga chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati nazorat qilinib, bir vaqtning o`zida huquq-tartibot idoralari, soliq, veterinariya xizmati va bozor xodimlari bilan hamkorlikda uy sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari savdosining oldini olishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bunday muammolarga qarshi kurashishda targ`ibot-tushuntirish ishlari muhim omil hisoblanadi. Barcha ta`lim muassasalarida o`quvchilar o`rtasida sog`lom turmush tarzi qoidalari, botulizm va boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan ijodiy ishlar tanlovi o`tkazilmoqda. Mutaxassislar mahallalarda tushuntirish ishlari olib bormoqda. Bozorlarning radiouzellari orqali radiorolik hamda mutaxassislar bilan muloqotlar muntazam berib borilmoqda.
– Mamlakatimiz hududiga chetdan xavfli infeksiyalar kirib kelishining oldini olish va epidemiologik barqarorlikni kuchaytirishda joylarda faoliyat yuritayotgan sanitariya-epidemiologiya laboratoriyalarining o`rni katta. Ushbu muassasalarning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Bugungi kunda viloyat, shahar va tumanlardagi hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarida 158 laboratoriya faoliyat ko`rsatmoqda. Ushbu laboratoriyalarda zamonaviy tekshiruv uslublarining joriy qilinishi tahlillarni sifatli va samarali o`tkazish, murakkab epidemiologik vaziyatlarda zudlik bilan zarur chora-tadbirlarni ko`rishga imkon yaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2007 yil 2 oktyabrda qabul qilingan «Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori bo`yicha barcha davolash-profilaktika muassasalarida, jumladan, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarida to`liq inventarizasiya o`tkazilishi, moddiy-texnik bazaning ahvoli baholanishi lozimligi ko`rsatilgan.
Mazkur qaror ijrosi doirasida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Zamonaviy kompyuterlar, polyarograflar, xromatograflar, rotasion bug`lantirgichlar, gaz analizatorlari, immunoferment analizatorlari va boshqa texnika vositalari olindi. 2013 yilda bakteriologiya laboratoriyalarida ichak infeksiyalari diagnostikasi sifatini oshirish maqsadida tahlillar o`tkazish uchun ishlatiladigan diagnostikum va zardoblar xarid qilindi. Bu ishlar laboratoriya sinovlarini qisqa muddatlarda, yuqori aniqlik bilan o`tkazish imkonini bermoqda.
Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmatida o`tkazilayotgan bunday tadbirlar natijasida xalqaro standartlar darajasida jihozlangan, har qanday epidemik xavfni bartaraf qila oladigan, yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qodir tizim shakllandi.
Bu tizimda erishilayotgan yutuqlar xalqaro miqyosda ham e`tirof etilmoqda. Masalan, 2013 yilda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan o`tkazilgan tekshiruv natijasiga ko`ra, Respublika DSENM virusologiya laboratoriyasi O`zbekistonda qizamiq-qizilcha kasalliklarining diagnostikasi bo`yicha Milliy laboratoriya sifatida akkreditasiyadan o`tkazildi. Shuningdek, poliomielit diagnostikasi bo`yicha o`tkazilgan ishlar haqidagi hisobot e`tirof etilib, unga poliomielit diagnostikasi bo`yicha Milliy laboratoriya maqomi berildi.
Bu yutuqlar inson manfaatlarini muhofazalash yo`lida amalga oshirilayotgan muhim islohotlarning samaralaridir. Ayni paytda “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi doirasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi, yuqori bosqichga olib chiqish, mamlakatimizda sanitariya-epidemiologiya sohasida erishilayotgan barqarorlikni mustahkamlashga yo`naltirilgan ishlar ko`lami yanada kengaymoqda.