“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tilla va zargarlik buyumlarining havo yo`llari orqali noqonuniy olib o`tilishiga oid bir nechta bojxona qoidabuzarliklarini fosh etishdi.
“Istambul-Toshkent” reysi bo`yicha parvozini yakunlagan marg`ilonlik E.Maripovning changyutgichi chang bilan birgalikda 1,4 kg og`irlikdagi kumushdan tayyorlangan zargarlik buyumlarini ham “yutib” yuborganiga nima deysiz? Ayni shu shahardan qaytgan farg`onalik D.Sidikjonovaning cho`ntaklariga esa qiymati 2,5 mln. so`mdan ziyod bo`lgan 159 gr. og`irlikdagi tilla va kumush taqinchoqlar “og`irlik” qildi. Boisi, ikkala qoidabuzar ham zargarlik buyumlarini belgilangan me`yordan ortiqcha, boz ustiga T-6 shaklidagi bojxona bayonnomasida qayd etmasdan turib olib kirishga urinishgan.
Bakudan poytaxtimizga otlanar ekan, xorazmlik M.Kutlieva qiymati 11,3 mln. so`mdan ortiq bo`lgan zargarlik buyumlarini Toshkent xalqaro aeroportidan yashirincha olib o`tish rejasini tuzdi. Ammo, rejani tuzar ekan, qoidabuzar nazorat-rentgen appatlarining imkoniyatlarini nazarda tutmagan edi. Dastlab uning qo`l yuklari orasidan, shaxsiy ko`rik davomida esa ichki kiyimlaridan ham jami 229 gr. tilla va kumush taqinchoqlar topildi.
Shuningdek, bojxonachilar Turkiyadan qaytayotgan yo`lovchilar namanganlik M.Shamsidinova tomonidan qiymati 10 mln. so`mdan ortiq 210 gr. hamda samarqandlik F.Turaeva tomonidan salkam 16 mln. so`mlik 237 gr. tilla taqinchoqlar bojxona bayonnomasida ko`rsatilmay va bojxona xodimining og`zaki so`rog`i paytida ma`lum qilinmay olib o`tishga urinishganligini fosh qilishdi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig`i solinmasdan olib kirishning cheklangan me`yorlariga (Adliya vazirligida 1998 yil 13 martda 412-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) asosan aksiz solig`i solinmasdan olib kirish uchun umumiy og`irligi 30 grammdan oshmaydigan qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan beshtagacha zargarlik buyumlariga ruxsat beriladi. O`rnatilgan mazkur me`yordan ortiqchasini olib kirishda esa jismoniy shaxslar tegishli bojxona to`lovlarini to`lashi talab etiladi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligidan 2004 yil 23 aprelda 1342 raqam bilan ro`yxatga olingan “T-6 shaklidagi bojxona deklarasiyasini to`ldirish va rasmiylashtirish tartibi to`g`risida”gi Yo`riqnomaga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o`tish paytida to`ldiriladigan bojxona bayonnomalarining 5-bandida olib o`tilayotgan qimmatbaho zargarlik buyumlarining miqdori aniq ko`rsatilishi shart.
Shuningdek, aeroport bojxonachilari tilla quymalarining respublikamiz hududidan olib chiqilishiga oid qoidabuzarliklarni ham fosh qilishdi. Jumladan, Istambulga yo`l olgan namanganlik Z.Gapparovaning parvoz oldidan bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg`otdi. Shundan so`ng ayol xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, u egnidagi kiyimlari ostiga yashirincha olib chiqib ketish uchun qiymati 5 mln. so`mlik, og`irligi esa 194 gr. bo`lgan turli shakldagi quyma tillalarni bekitganligi aniqlandi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 10 oktyabrdagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini muvofiqlashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 1871-sonli Farmoniga muvofiq respublikamizdan tilla va zargarlik buyumlarini eksport qilish faqatgina Vazirlar Mahkamasi ko`rsatmasiga asosan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi tomonidan beriladigan lisenziya asosida amalga oshiriladi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o`tgan 4 oyi davomida Davlat bojxona qo`mitasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 78 ta qonunbuzarlik holatlarida qiymati 1 mlrd 122 mln. so`mdan, og`irlig`i esa 24,4 kg.dan ortiq bo`lgan tilla va zargarlik buyumlarining noqonnuniy olib o`tilishga chek qo`yildi.





