O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo`lib o`tdi. Unda komissiya a`zolari, siyosiy partiyalar, O`zbekiston ekologik harakati va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Majlisda ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga muvofiq joriy yil dekabr oyi uchinchi o`n kunligining birinchi yakshanbasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga umumxalq saylovlari bo`lib o`tadi.
O`zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni tashkil etadi va o`tkazadi.
Majlisda 2014 yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tadbirlar dasturi ko`rib chiqildi.
Muhokama davomida ta`kidlanganidek, dasturda saylov kompaniyasining barcha bosqichlarida shaffoflik, oshkoralik, ochiqlikni ta`minlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlar, tayyorgarlik ko`rish va saylov jarayonini tashkil qilish ishlarini qonunchilikka muvofiq tarzda amalga oshirish nazarda tutilgan.
Siyosiy partiyalarga, deputatlikka nomzodlarga o`z saylovoldi dasturlarining qoidalarini, mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari bo`yicha ana shu dasturlarda o`z ifodasini topgan pozisiyalarini saylovchilarga, jamoatchilikka etkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratiladi.
Majlisda muhokama natijalari bo`yicha tegishli qaror qabul qilindi. O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.





