1

Prezident Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yo`l qo`yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi

Siyosat 21.02.2018, 15:00
Prezident Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yo`l qo`yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 fevral kuni import hajmini qisqartirish va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ko`paytirish ishlarini tahlil qilish, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lumki, 2017 yil 19 aprel kuni shu masalada videoselektor o`tkazilgan, mahalliylashtirishni kengaytirish hisobidan import hajmi va turlarini maqbullashtirish bo`yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq o`tgan yili muayyan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 9,9 trillion so`mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 512 million dollarlik yoki 2016 yilga nisbatan 20 foiz ko`p mahalliylashtirilgan mahsulot eksport qilingan. 100 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o`zlashtirilgani, bazaviy tarmoqlarda import 353 million dollarga qisqartirilgani ham bu boradagi ishlarning natijalari bo`ldi.

Davlatimiz rahbari Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yo`l qo`yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi. 2017 yilda 948 ta mahalliylashtirish loyihasidan 176 tasi bo`yicha ishlab chiqarish boshlanmagani, 218 tasi bo`yicha esa ishlab chiqarish prognozi bajarilmagani ko`rsatib o`tildi.

Masalan, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining 77 ta loyihasi bo`yicha 206 milliard so`mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan. “O`zbekoziqovqatxolding”da 12 ta, “O`zavtosanoat”da 17 ta, Toshkent shahrida 65 ta, Toshkent viloyatida 65 ta loyiha etarli darajada bajarilmagan.

Importni 1 milliard 81 milllion dollarga qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani tanqidiy tahlil qilindi.

Yig`ilishda bir qator xo`jalik birlashmalari tomonidan o`z faoliyatiga mos bo`lmagan yoki mamlakatimizda ishlab chiqarish o`zlashtirilgan tovarlarni import qilish holatlari kamayish o`rniga ko`payayotgani qayd etildi. 2017 yilda 185 million dollarlik, joriy yil yanvar oyida esa 65 million dollarlik shunday mahsulotlar import qilingan.

Masalan, o`tgan yili “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 9 million dollarlik svetodiod chiroqlar, projektorlar va boshqa tovarlar, “O`zbekneftegaz” tizimiga 2 million dollarlik po`lat quvur, kabel, isitish qozoni, elektrodlar, “O`zbekenergo” tomonidan 800 ming dollarga po`lat sim va engil avtomobil olib kelingan.

Yig`ilishda shu va boshqa sanoat tarmoqlarida uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tarmoqlar uchun zarur uskunalar va tez ishdan chiquvchi butlovchi qismlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish to`g`risida 10-15 yildan buyon gapiramiz. Lekin, tashabbus va amaliy harakat yo`q. Bir qator soha rahbarlari mahalliylashtirishni o`ylamayapti, zarur mahsulotni osongina chetdan olib kelib qo`yayapti. Bunga hozirgi raqobat sharoitida mashaqqat bilan topilayotgan, iqtisodiyotning asosi bo`lgan valyuta mablag`lari sarf bo`lib ketmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Mahalliylashtirishni rag`batlantirish uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining natijadorligi ham tahlil qilindi.

Ayrim tovarlar bo`yicha bojxona to`lovlari asossiz tayinlangani natijasida yurtimizda ishlab chiqarilgan ba`zi tovarlar narxi import qilinganiga nisbatan yuqori bo`lmoqda. Masalan, to`qimachilik sanoati uchun import qilinadigan uskunalar barcha bojxona to`lovlaridan ozod etilgan. Ammo, shu uskunani ishlab chiqarish uchun butlovchi qism import qilinadigan bo`lsa, 20 foizlik qo`shilgan qiymat solig`i to`lanadi.

Soliq imtiyozlarida ham shu kabi bo`shliqlar bor. Shu bois 2018 yil 1 apreldan boshlab, mahalliylashtirish loyihalari bo`yicha imtiyozlar to`xtatiladi. Har xil nopok korxonalarning Mahalliylashtirish dasturiga kirib olib, soliq to`lashdan qochishi uchun endi imkoniyat bo`lmaydi. Mahalliylashtirish dasturiga iqtisodiyot uchun haqiqatda zarur bo`lgan loyihalar kiritilib, qat`iy nazoratga olinadi.

Yig`ilishda Prezident sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, mahalliylashtirishni rivojlantirish bo`yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Iqtisodiyot va Tashqi savdo vazirliklariga pishiq-puxta ishlangan, yangi Mahalliylashtirish dasturini shakllanitirish bo`yicha topshiriq berildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan, raqobatbardosh narxda mahalliylashtirish imkoni bo`lmagan ayrim butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to`lovlarini bekor qilish yuzasidan aniq takliflar kiritish zarurligi ta`kidlandi.

Yirik korxonalar va kichik biznes uchun uskunalar, tez ishdan chiquvchi qismlar, shtamplangan mahsulotlar, kichik gidrogeneratorlar ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan ko`rsatma berildi.

Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo`mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va xo`jalik birlashmalari rahbar va mas`ul xodimlaridan iborat tarkibda Import hajmi va tarkibini tizimli ravishda tahlil qilish asosida yangi mahalliylashtirish quvvatlari tashkil etish bo`yicha takliflar ishlab chiqish bo`yicha idoralararo ishchi guruhi tuzish vazifasi qo`yildi.

Mahalliy korxonalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida ayrim tovarlar bo`yicha bojxona to`lovlari stavkalarini optimallashtirish bo`yicha topshiriq berildi.

Asosiy maqsadimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta`minlash, dedi Shavkat Mirziyoev. Buning uchun, avvalo, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo`lishi, mahsulotlar yurtimizda ishlab chiqarilishi zarur. Barcha rahbarlar shundan qat`iy xulosa qilib, zimmasidagi vazifalarga munosabatini tubdan o`zgartirishi va mas`uliyatni oshirishi kerak.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1