O`zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov milliy terma jamoaning yangi bosh murabbiyi bilan boshlangan muzokaralarni nihoyasiga etkazish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga jo`nab ketdi.
O`FA rasmiy sayti xabariga ko`ra, O`zbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi xorijlik kuchli mutaxassis, jahon futbolidagi top murabbiy bo`ladi. Ayni paytda u o`z terma jamoasini Rossiyada o`tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorlamoqda. Ayni paytda murabbiy o`z shogirdlarini iyun oyida boshlanadigan mundialga tayyorlayotgani sababli jahon chempionati yakuniga qadar nomi hozircha e`lon qilinmasligini so`ragan. Umid Ahmadjonov yangi bosh murabbiyning bu iltimosini qabul qilgan va iyul oyiga qadar uning nomi futbol jamoatchiligiga e`lon qilinmaydi.
Mutaxassis Rossiyadagi mundialdan so`ng O`zbekistonga tashrif buyuradi hamda milliy terma jamoa boshqaruvini rasman qo`lga oladi.





