O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va mamlakat futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov bugun futbol bo`yicha terma jamoa yangi bosh murabbiyi bilan boshlangan muzokaralarni nihoyasiga etkazish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga jo`nab ketdi. Bu haqda O`FA matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, O`zbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi xorijlik kuchli mutaxassis, jahon futbolidagi top murabbiy bo`ladi. Ayni paytda u o`z terma jamoasini Rossiyada o`tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorlamoqda.
"Bilasiz, xar bir murabbiy shartnomasi tugashiga 6 oy qolganida yangi takliflarni ko`rib chiqishga va muzokaralar o`tkazishga haqli. Shu sababdan ham, yangi bosh murabbiy bilan terma jamoamiz masalasida yakuniy kelishuvga erishildi.
Biroq, u ayni paytda o`z shogirdlarini iyun oyida boshlanadigan mundialga tayyorlayotgani sababli, jahon chempionati yakuniga qadar nomi hozircha e`lon qilinmasligini so`radi. O`zining bu iltimosini mutaxassis jahon chempionati oldidan uning shogirdlari kayfiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkinligi bilan izohladi. Umid Ahmadjonov yangi bosh murabbiyning bu iltimosini qabul qildi va iyul oyiga qadar uning nomi futbol jamoatchiligiga e`lon qilinmasligiga va`da berdi", deyiladi xabarda.
Mutaxassis Rossiyadagi mundialdan so`ng O`zbekistonga tashrif buyuradi hamda mamlakat milliy terma jamoasi boshqaruvini rasman qo`lga oladi. Unga qadar esa terma jamoa O`zbekiston futbol assosiasiyasi qoshida yangi tashkil etilgan murabbiylar kengashi qo`l ostida o`quv-mashg`ulot yig`inlari va belgilangan o`rtoqlik uchrashuvlarini o`tkazadi.
Yangi bosh murabbiy oldiga Osiyo kubogi-2019 da muvaffaqiyatli ishtirok etish va terma jamoani 2022 yilda Qatarda bo`lib o`tadigan jahon chempionatiga olib chiqish vazifasi qo`yiladi.






