Kishiga laqab qo`yish mumkinmi?

Hidoyat sari 22.02.2018, 17:18
Kishiga laqab qo`yish mumkinmi?

O`tgan asrning 70-yillarida suratga olingan "Uchrashuv" filmini o`rta va keksa yoshdagi tomoshabinlar yaxshi eslaydi.

O`sha filmdagi O`zbekiston xalq artisti, marhum Ergash Karimov va sevimli kinoaktrisamiz Roza Karimova ijrosidagi "Lampashisha" syujetida kishiga laqab qo`yish odati salbiy illat sifatida ko`rsatib berilgan.

"Laqab" so`zi asli arabcha so`z bo`lib, kunya, ya`ni ikkinchi ism ma`nosini anglatadi. Qadimda kunya bilan atash arablarda urf bo`lgan. Masalan, payg`ambarimizning birinchi zavjalari Xadicha onamizning kunyalari Kubro, ya`ni Katta bo`lgan.
Bir hududda bitta ismning ko`pchilikda uchrashi tufayli ularni bir-biridan ajratish uchun tashqi ko`rinishi, qiliqlari, husni, odati, avlodi va boshqa shu kabi belgilariga qarab laqab qo`yilgan. Ushbu holat ulusimiz nazarida beodob odatlardan biri hisoblanadi. To`g`ri, falonchi qassob, cho`pon, savdogar, do`xtir, polvon singari laqablarda salbiy ma`no yo`q, ammo falonchi cho`loq, oqsoq, semiz, sariq, kal, g`ilay kabi laqablar odamni kamsitadi. Ayniqsa, insonlarga hayvonlar nomi bilan laqab qo`yish odam shaxsiyatini qattiq qoralaydi.

Hadisi sharifda "Kimki birovni o`z nomi o`rniga biror laqab bilan chaqirsa, uni farishtalar la`natlaydilar", deyilgan. Kishilarning muborak ismlari bor bo`lgan holda ularni tahqirli laqablar bilan atash gunoh hisoblanadi. Aslida laqab qo`yish insonni kamsitishning bir ko`rinishidir.
Rivoyat qilinishicha, zamonasining badavlat zodagoni Luqmoni Hakimni kamsitib, "Nega bunchalik xunuksan?", deya masxara qiladi. Luqmoni Hakim vazminlik bilan: "Tushunmadim, siz naqshni haqorat qilyapsizmi yoki naqqoshnimi?", deya osmonga ishora qilibdi.

Hayotiy tajribaga tayanib, ayrim qo`pol rahbarlarga izoh berib o`tsak. Ular qo`l ostidagilardan o`z qobiliyatsizligini yashirish va zo`ravonligini ko`rsatish maqsadida bo`lar-bo`lmasga baqiradi va laqab qo`ygan holda so`kinib, haqoratlaydi. Lekin bu haqsizliklar adolatsiz rahbarga nisbatan bir umrlik nafrat vujudga keltirishini anglay olmaydi.
Ko`pni ko`rgan ustozlarimizdan biri quyidagicha nasihat qilgan edi: "Qo`l ostidagilaringiz bilib-bilmay xato qilsa, yoxud yaqinlaringiz sizga ozor etkazsa, ularni birdan haqoratlashni odat qilmang, balki tanbeh bilan koying. Zinhor ularga laqab qo`yib kamsitmang. Insonning shaxsiyatiga tegishdan saqlanmoq lozim. Negaki, kishini biroz xafa qilish yoki ranjitish esdan chiqadi, lekin haqorat va kamsitish hech qachon yoddan chiqmaydi. Unutmang, qo`polligingiz alaloqibat o`zingizga kulfat bo`lib qaytadi".
Aziz mushtariy, pand-nasihat qilish va kimnidir qoralash fikridan yiroqman. Balki o`zimizda mavjud bo`lgan kamchiliklarni vaqtida anglab, isloh etsak, foydadan xoli bo`lmasdi.

Anvar FULOMOV,
mehnat faxriysi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1