"Navbahor-Lochinlari" hamda "Bunyodkor" futbol klublarining har biriga 500 million so`m miqdorida jarima solindi. Bu haqda O`FF rasmiy saytida xabar qilinmoqda.
Xabarda aytilishicha, O`zbekiston futbol federasiyasi Ijroiya qo`mitasi Byurosi qarori asosida "Navbahor-Lochinlari" futbol klubi futbolchisi Oybek Qilichev bir yil muddatga, "Bunyodkor" futbol klubi futbolchisi Dilshod Ahmadaliev esa butunlay futboldan chetlatilgandi. Ammo shunga qaramay nomlari yuqorida tilga olingan futbolchilar o`z klublari tarkibida o`rtoqlik o`yinida maydonga tushib yurgani ma`lum bo`lgan.
"O`zbekiston futbol federasiyasi Ijroiya qo`mitasi Byurosi qarorlarini buzganligi uchun Ijroqo`m Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi 6-sonli Qaroriga ko`ra "Navbahor-Lochinlari" hamda "Bunyodkor" futbol klublarining har biriga 500 million so`m miqdorida jarima solindi", — deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, agar bunday holat yana takrorlanadigan bo`lsa, bundan-da qat`iy jazolar qo`llanilishi belgilab qo`yilgan.






