Jahon moliyaviy inqirozining iqtisodiyotimizga salbiy ta`sirini yumshatishda, aholi bandligi va farovonligini ta`minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ham o`z o`rni bor. Mazkur soha vakillarini moliyaviy qo`llab-quvvatlashda tijorat banklari tomonidan keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotir.
«Agrobank» ochiq aksiyadorlik tijorat bankidan joriy yilning o`tgan davrida iqtisodiyotning turli yo`nalishlaridagi tadbirlarni moliyalashtirishga 647 milliard so`m, bankning o`z mablag`lari hisobidan 301 milliard so`mlik kreditlar ajratildi, deya xabar beradi O`zA.
“Sog`lom bola yili” Davlat dasturi doirasida mazkur bankdan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar uchun 750 milliard so`m miqdorida kredit ajratilishi rejalashtirilgan bo`lib, hozirga qadar 170 milliard so`m sarmoyalar mijozlarga etkazib berildi. Shundan 53,8 milliard so`mi mikrokreditlardir. Bundan tashqari, tadbirkor ayollarning biznes-loyihalarini moliyalashtirishga 16,3, hunarmandlikni kengaytirishga 2,9, aholiga uy-ro`zg`or buyumlari xarid qilish uchun 11,4 milliard so`m miqdorida iste`mol kreditlari ajratildi.
Bank kredit siyosatida belgilab olingan ustuvor yo`nalishlardan biri sifatida asosiy e`tibor kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlariga moliyaviy xizmatlar ko`rsatishga qaratilmoqda. Joriy yilning o`tgan davrida tadbirkorlik orqali ichki bozorni ta`minlaydigan ishlab chiqarish ob`ektlarini qo`llab-quvvatlash, ularning eksport salohiyatini oshirish hamda aholi turmush farovonligini yaxshilash maqsadida 151 milliard so`mlik sarmoya ajratildi.
Fermer xo`jaliklari tomonidan etishtirilgan qishloq xo`jalik mahsulotlari eksportini qo`llab-quvvatlash uchun 77,5 ming tonnadan ortiq eksportbop qishloq xo`jalik mahsulotlari etishtirib berish imkoniyati mavjud bo`lgan 1 ming 323 fermer xo`jaligi aniqlanib, 23,4 million AQSh dollari miqdorida eksport shartnomalari imzolandi.
Ko`rsatilayotgan imtiyozli bank xizmatlari mulk egalariga texnika vositalari xarid qilishda ham qo`l kelayotir. Xususan, fermer xo`jaliklarini qishloq xo`jaligi texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar bilan ta`minlashga yo`naltirilgan kreditlar evaziga 161 zamonaviy haydov va chopiq traktori hamda agregatlar xarid qilindi. Bundan tashqari, bank tomonidan intensiv bog` va uzumzorlarni tashkil qilishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Bugun fermerlik harakati qishloqni taraqqiy ettirishda etakchi kuchga aylandi. Ishbilarmon fermerlar harakati bilan qishloqda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko`rsatish ob`ektlari qurib, ishga tushirilmoqda.