Farg`onada O`zbekiston va Tojikiston davlat chegarasini delimitasiya va demarkasiya qilish masalalari bo`yicha O`zbekiston — Tojikiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi, deb xabar beradi O`zA.
Majlisda ikki mamlakatning hukumat a`zolari, tegishli vazirlik, qo`mita rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda o`zbek va tojik xalqlari o`rtasida do`stlik va hamkorlik yangi bosqichga chiqayotganini alohida ta`kidladi.
«Bugungi kunda tovar almashish hajmi o`smoqda, iqtisodiyotning turli sohalaridagi hamkorlik miqyosi kengaymoqda. Ikki mamlakatning etakchi korxona va ishbilarmon doiralari o`rtasida uzoq muddatli hamkorlik o`rnatishga xizmat qilgan sanoat ko`rgazmalari va biznes forumlar o`tkazildi va bu ishlar davom etmoqda. Shu bilan birga, turli sohalarda, xususan madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda», — deyiladi xabarda.
Mazkur komissiyaning majlisi amaliy ruhda bo`lib o`tdi. Unda ko`plab masalalar muhokama qilindi. O`zbekiston — Tojikiston davlat chegaralarini delimitasiya va demarkasiya qilish bo`yicha O`zbekiston va Tojikiston hukumat delegasiyalari ishchi guruhlari tomonidan bir qator hujjatlar tayyorlandi.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha qo`shma bayonnoma imzolandi.






