1

KO`HNA MAVZU

Mutolaa 26.02.2018, 17:46
KO`HNA MAVZU

Hech narsa qilmagan odamgina xato qilmaydi, lekin hech narsa qilmaslikning o`zi ham xatolikdir.

Emil Krotkiy

O`shanda yigirma sakkiz yoshda edim. Uch-to`rt kishi tanib qolgan ijodkor qalamkashman. Qaerga borsam, kasbimni so`rasalar, javob berganimda “Iltimos, men haqimda yozing, hayotim haqida biron hikoya yozib berolmaysizmi?” degan takliflar bo`lar, bularning hammasi kulgimni qistar, nega odamlar mashhur bo`lishni, kimdir o`zini maqtab yozib, qaysidir asarning bosh qahramoniga aylanishni yaxshi ko`rishini hech tushunolmasdim. Bunday iltimoslar g`ashimga tegardi, xolos. Kunlarning birida kun tartibim nihoyat zichligi sabab zo`rg`a vaqt topib, go`zallik saloniga bosh suqdim. Kulib turgan qo`g`irchoqdekkina qiz sochimni turmaklab qo`ygach, xayrlashib chiqib ketayotsam, kiraverishda chog`roq stol qo`yib o`tirgan yosh juvon:

– Opa, tirnog`ingizga ham ishlov beraylik. Bir sinab ko`ring, yoqishiga men kafil, – dedi.

Ha, mayli, bir kelib qolibman, oyda-yilda o`zim uchun biroz vaqt ajratsam, osmon uzilib tushmas deya o`ylab qarshisidagi kursiga cho`kdim.

Sipogina bu juvon nihoyatda odob bilan kasbimni so`radi. Aytdim.

– Bilasizmi, men bir narsa yozgandim... – dedi u tutilib.

Obbo, shuyam bormidi, tirnoq egovlovchi nimayam yozar ekan deb o`yladim. Muharrir ekanim sabab almoyi-jalmoyi satrlarni to`g`rilashdan, aksar mualliflarning yozganlarini salkam qayta yozib chiqishdan shunday beziganmanki...

– Bir ko`rib berasizmi? – dedi ko`zimga umidvor tikilib.

Nima deyishim mumkin. Men hech birovlarga yo`q deya olamanmi o`zi? Hozir ham qarshimdagi ayolning termilgan dardli ko`zlariga qarab turibman. Qanday yo`q deyman, qanday?

– Mayli, – dedim biroz og`rinib. – Elektron pochtamga jo`nating. Mana tashrif qog`ozim, unda pochtamning manzili bor.

E, xudoyim, yaqindagina bittasi alahsirashga o`xshagan misralarini “ko`rib chiqishim” uchun bergan edi. Uchta so`zdan iborat gapda kamida beshta imloviy xato bilan yozgani etmaganday, hikoyasida na tuturiq bor, na ma`ni. Buning ustiga qo`l telefonimga har soatda qo`ng`iroq qilib, hikoyasi taqdirini so`rab-surishtiradi, uni yozganidagi hayajonlarini men bilan baham ko`radi, bu hikoya chop etilsa, meni xursand qilishini aytadi. Har qalay o`sha hikoya bosilib chiqqan taqdirda ham xursand bo`lmasligim aniq. Rahbarlarimdan gapga qolaman.

Ertasi kuni ishxonaga kelib, har kungiday pochtamni tekshirdim. “Muhabbat” degan hikoya kelibdi. Sarlavhani qarang, muhabbatmish. Bu mavzu hech eskiradimi o`zi, yo`qmi? Kechagi yosh juvon jo`natgan shekilli. O`zi nega u ayolni juvonlab qoldim? Uning mendan ancha yoshligi, nari borsa yigirma ikkilarda ekani bilinib turardi-ku. Qo`lidagi nikoh uzugi tufayli shunday deyotgan bo`lsam kerak-da. So`ng so`z berganim vajidan hikoyani yuklab olib, o`qiy boshladim...

“Musibatmi, nima bu? Holim abgorlashib bormoqda. Barchasidan nafratlanaman...

Hayotim bir tekisda o`z iziga tushdi deya quvonib yurgan kezlarim edi. Yorimda yorim, ko`nglimning yagona egasi har vaqt men bilan. Uydan chiqqanida ham suyganimni bir nafas xayolimdan chiqarmasdim. Ishdan charchab kirib kelishi menga bayram bo`lib, qushdek uchib-qo`nib nima istasa bajo keltirardim. Qalbimdayu dilimda, so`zimdayu tilimda uni duo qilar, Yaratgandan jonini omon saqlashini so`rardim. Behad ardoqlab, Eru osmonga inonmasdim. Yo`llariga poyandoz bo`lib yozilib, izlarini tavof qilib ko`zimga surtardim. Baxtimni ichimga sig`dirolmasdan porlab turgan qorachiqlarim bilan atrofimdagilarga ulashardim. Men sevardim, chin dildan... Hech bir to`sqinliksiz, o`la-o`lgunimcha... deya xayol surardim.

Eshik taqilladi. Sevikligim kirib kelar ekan:

– Otlan, bizni mehmonga chorlashdi, – dedi ko`tarinki kayfiyatda.

– Kim?.. – savol ohangimda biroz ikkilanish, taraddud, xursandlik va og`rinish qorishiq edi.

– Yaqin do`stim.

– Ha, Sa`dulla akami?

– Yo`q, mana qara, – u shunday deb kitob javonida turgan albomni ochib, bir suratni ko`rsatdi.

Jufti halolim ko`rsatkich barmog`ini qo`yib turgan yigitning suratiga qarab sergak tortdim. Kim edi bu? Qiyofasi nihoyatda tanish... Go`yo ming yillardan beri uni taniyman.

– Kamoliddinni tanimasmiding? To`yimizda qatnashgan-ku.

– Eslolmadim, – shunday deb, qo`shib qo`ydim: – yarim soatlarda tayyor bo`laman.

– Do`stim yaqin kunlarda uylanayapti. U bilan yaxshi munosabatda bo`lishingni, keyinchalik ham oilalarimiz o`rtasida mustahkam rishtalar bo`lsa deyman.

– Nima desangiz shu, – deb ichkari uyga kirib hozirlik ko`rdim.

Mehmonga borganimizda Kamoliddin va uning oilasi: ota-onasi, ukasi, singlisi bizni obdan siylashdi.

– Siz bilan tanishganimdan juda xursandman, – dedi juftimning do`sti samimiy ohangda. Yuzidan nur yog`ilib turgan bu yigit ko`ngli toza insonlardan ekan. U haqiqatan ham tez orada uylandi. To`yiga bordik. Dardu xayolim sevgan kishim — turmush o`rtog`imda edi. Ertaga ishga borishi kerak, tun esa yarmidan og`di. Shunchalar charchab, tongda qanday uyg`onadi. Ishxonasida kuni bo`yi mudrab yuradimi?!

To`yxonadagi odamlarni umuman tanimaganim uchun yosh yigit-yalangning qizlar yonida o`ralashishi, bitta-yarimta qarilarning o`rtaga chiqib qilpanglashi menga xush kelmayotgandi. Uylanguvchining hurmati majburiyati yuzasidan o`tirgandim. Lekin jufti halolim benihoya xursand edi. Aftidan, do`sti ham o`zi bilan deyarli bir paytda uylanayotganidan, endi oilali bo`lsalar-da, ilgarigi munosabatlari oila davrasida davom etaverishidan xursand edi. Ichkilikdan yuzi qizarinqiragan, hadeb jilmayar, ora-orada davraga tushib, o`ynab ham qolardi. Men esam uni qiziqsinish bilan, oldingidan-da ko`proq suyub kuzatib o`tirardim. Hech kimning, hatto kelin-kuyovning ko`rinishiga e`tibor qilmayotgandim. Hammaga qarab kuzatib o`tirganim bilan aslida hech kimni ilg`amasdim, odamlar bir soya sharpasi kabi orqa planda qolgan, ko`z o`ngimda faqatgina sevgan kishim, boshqa hech kim...

Bolalikdan uydan tashqari hatlamaganman. Hamma qizlar kabi bir kuni alp yigit kelib, muhabbat va baxt hadya etadi, u bilan umrguzaronlik qilib, chiroyli hayot kechiraman deb orzuladim. Uzoq kutmadim, lekin kam ham kutmadim, shunday notanish kishiga taqdir meni ro`baro` qildi. Qismatimdan ming bora rozi edim...

To`ydan keyingi oilaviy bordi-keldilar bizni yanada yaqinlashtirdi. Kamoliddindan ilgarigiday tortinmay, o`zimni bemalolroq tutadigan bo`ldim. U tez-tez telefon qilib, qandaydir ishlar yuzasidan maslahatlar so`rar, kechga yaqin ayolini etaklab kelib qolardi. Turmush o`rtog`imning ham bu yaqinlikdan boshi ko`kda, mamnun yurardi.

Bir kuni kechki ovqat ustida do`sti haqida gap ketganida men Kamoliddin ismini bir necha bor takrorladim.

– Uning yoshi sendan, hatto mendan ham katta. Nega aka so`zini qo`shib gapirmayapsan? –deb so`rab qoldi turmush o`rtog`im tanbeh ohangida.

– Lekin u sizga aka deb murojaat qiladi-ku, – deb hayron bo`ldim. – Qo`l ostingizda ishlaydigan kichik xodimlaringizdan biri bo`lsa, siz ham uni sensiraysiz-ku, axir.

– Esing bormi, u qo`l ostimda ishlamaydi, lavozimi menikidan ancha baland. Dili pok insonligi sabab yosh ko`rinadi.

Hang-mangman. Hali men juftimning rahbari bilan shunchalar oson muomala qilamanmi? Uni o`zim qatori tengdosh yigit deb bepisand yurar ekanman.

To`g`risi, shu qadar madaniyatli, bosiq, yaxshi bir erkakning xotini menga negadir sira yoqmasdi. Qandaydir his-tuyg`ulardan mosuvo, yashashni qorin to`ydirish va qimmatbaho kiyimlar kiyib, kibor yurishdan iborat sanaydigan bu kelin injiqliklari bilan barchaning joniga tegib bo`lgandi. Yaxshiyamki, erining topish-tutishi anchayin yaxshiligidan u hozirga qadar bu tomondan siqilmagan. Choynakka o`xshab ketadigan, o`zi kirgan yoshdan xiyla katta ko`rinadigan bu xonim meni o`ziga malay hisoblaydimi, bilmadim, har kuni uning bilan biron yoqqa birga borishimga to`g`ri kelardi. Tinmay kasalxonaga yotib olar, eri va mening tinkamizni quritadigan darajada hali u olib kel, hali falonchi do`xtir bilan gaplashinglar, bunisi yoqmadi deb, palatama-palata ko`chardi. Albatta, sevgan kishim — erimning iltimosi bo`lmaganida balki o`zimni chetga olgan bo`lardim. O`z uyim, juftim tashvishlarini qoldirib bularning ortida sarsonaman. Mana shularning bari meni Kamoliddin va uning oilasiga tobora yaqinlashtirmoqda edi. Ba`zan xotini qolib, ota-onasiga ham g`amxo`rlik qilishimga to`g`ri kelardi. Singillari yaqin dugonalarimga aylanishdi. Yoki men o`sha oila a`zosi bo`lib qoldimmi, bilmayman. Ukasi meni xush qarshilar, otasi hovlidan meva terib keltirib, to`rvamni to`ldirib qo`yar, singillari tivit ro`mol to`qib berishar, onasi mazali taom bilan siylardi. Endi Kamoliddin oldingidan-da ko`proq telefon qilar, bir nimalarni maslahat qilib, oilasi kun tartibini rejalashtirardi. Bular o`zimga tabiiy holdek ko`rinib, na turmush o`rtog`im, na o`zim parvo qilmasdik.

Bir kuni amakimning o`g`li meni yo`qlab keldi. Bir hovlida katta bo`lganimiz uchun uni akam o`rnida ko`rardim. Uyam meni ehtiyotlash payida bo`lar, maktab yoki boshqa joyda kimsani yonimga yaqinlatgan emasdi. Haddi sig`ib, telefonimni olib titkilashga tushdi. So`ng kutilmaganda:

– Kamoliddin kim? – deb so`radi.

– Bu kishining do`sti, – deb erim tomon imladim.

– Yaxshi, lekin eringning do`sti nega senga bir kun, ya`ni bugunning o`zida yigirma uch marta qo`ng`iroq qilgan. Kuyov, o`zingizning telefoningiz ishlamayaptimi?– deb so`radi.

– Ishlayapti, – dedi jondan ortiq suyganim amakimning o`g`liga qarab. – U oilaviy do`stimiz. Biron nimani maslahat so`ragani qo`ng`iroq qilgan bo`lsa kerak.

– Do`stlaringiz, nima gapi bo`lsa, o`zingizga telefon qilishsa yaxshi edi. Bu ayol kishi bo`lsa, erkak odam bundan nimani maslahat oladi? O`zi ko`cha ko`rmagan noshud bir narsa. Sizdan iltimos, telefon ishlatmasin, hech kim bilan do`stlashishi ham shart emas, – dedi qarindoshim cho`rt kesib.

– Xavotirlanmasangiz-chi, men uni sinashtasiz odamlar bilan gaplashtirib qo`yarmidim. Buni o`zim so`raganman. Kun bo`yi uyda yolg`iz o`tiradi. O`sha o`rtog`imning oilasi bilan chalg`isa, odamlarni ko`rib yursa deyman.

– Men oldingizdan o`tdim. Singlim nihoyat sodda qiz. Tuhmat-puhmatga qop o`tirmasin, gap-so`z yomon narsa degan ma`noda gapirdim.

Uxlash uchun o`rnimga cho`zilar ekanman, bechora juftim kunduzgi charchoqdan qotib uxlab qolganini ko`rib jilmaydim, ancha payt yonboshlaganimcha unga tikilib yotdim. Nega uni bunchalar yaxshi ko`raman-a, deya o`yladim. Shunchalar yaxshi insonki, uni sevmaslik mumkin emas, degan to`xtamga keldim.

Birdan miyamga amakimning o`g`li jahl bilan “yigirma uch marta” deb ta`kidlagani urildi. Balki to`g`ridir, ba`zi kunlari bundan ham ko`p telefon qilgan paytlari bo`lgan. Rostdan, nega shunaqaligini o`ylab qoldim. Kamoliddin bilan oramizdagi oilaviy do`stlik chegarasi kundan-kunga emirilib borayotgani haq gap. G`aflat bosibmi, buni sezmay qolibman. Shu erda to`xtashim kerak, to`xtamasam bo`lmaydi. Qalbimda esa nimadir “Axir, u senga biron marta nojo`ya boqmadi, hamisha odob doirasida hurmat bilan muomalada bo`ldi-ku”, deb qarshilik qilardi. U hatto meni ko`rganida sal uyalinqiraganday bo`lardi.

Ertasi kuni eshitgan gapim hammasiga nuqta qo`yishimga asos bo`ldi: Kamoliddinning xotini sobiq sevgilisiga erga tegish uchun qochib ketibdi.

Yana hangu mangman. Ichimdan Kamoliddin bir balodan qutulibdi, sho`rlik degan jumla sizib o`tgani ham rost. Ilgari, xotini bor paytlari mayli edi, endi tashlab ketilgan erkak bilan gaplashish noo`ng`ay deb o`ylab, telefon raqamimni o`zgartirdim. Yangi raqamimni hech kimga bermaslikni turmush o`rtog`imga puxta tayinladim.Biroq endi Kamoliddin biznikiga tez-tez tashrif buyurar, do`stlar birga uzoq gaplashib o`tirishar, hatto tunda biznikida qolishni ham odat qilgandi. Ularning oldiga kirmaslik uchun, ya`ni Kamoliddin bilan ko`rishmaslik niyatida emak-ichmaklarni juftimdan kiritib yuborardim. Agarda uy ichida nima tasodif bilandir ko`rishib qolsak, salom berish bilangina cheklanardim.

U biznikida tunab qolgan kunlarning birida ertalab turmush o`rtog`im uchalamiz birgalikda bozorga borishimizni, uy uchun ba`zi buyumlarni xarid qilishimizni aytdi.

Kiyinib chiqib, o`zimni oynaga soldim. Egnimdagi libos qaddimga juda yarashganday edi.

Bozorda rastalar oralab yurar ekanmiz, ikkita kap-katta erkak, xurmachasidan oshirib ichib olganmi, bilmadim, bittasi oldimga kelib, “asal, novvot” deb yuzimni chimdiladi. Ortimda turgan erim ham, Kamoliddin ham buni aniq-tiniq ko`rdi. Xo`jayinim g`ing etmadi... Uchovimiz g`alati alpozda qoldik. Ko`zimga yosh to`ldi... O`zimni tahqirlangan his qildim, begona yuzimni chimdisa, erim miq etmasa... Nogohon Kamoliddin bilan nigohimiz to`qnashdi, bir lahza bir-birimizga tikilib qoldik. Shu on qarog`imdagi yosh tomchisi yuzimga dumaladi va... u shart ortiga burildi.

Erim ikkimiz hay-haylab ortidan yugurdik. Uni to`xtatishimiz lozim edi — bular huquq-tartibot tizimi xodimlari bo`lib, aslo boshqalar bilan san-manga borishlari mumkin emas. Har qanday holatda ham o`zlarini bosib turishlari kerak. Bu ikkisining jamiyatda tutgan nufuzi ko`cha odamlari bilan pachakilashib o`tirishga yo`l qo`ymasdi.

Uniniyatidan qaytarolmadik. Mo`min-qobil yuradigan yigitni g`azabnok holda ilk bor ko`rib turibman. Erimning aytishiga qaraganda, u jang san`ati bo`yicha maxsus tayyorgarlikdan o`tgan ekan. Haligi ikkalasini shunchalar ayovsiz do`pposlardiki... Yuragim yorilib ketay deb dukurlar, qo`rqqanimdan dag`-dag` titrardim. Erim va boshqalar Kamoliddinni to`xtatishga behuda urinishardi.

Uni olib ketishdi. Uch oy o`tib sud bo`ldi, Kamoliddin ozodlikdan mahrum etildi. Adoqsiz vijdon qiynog`ida qoldim. Meni deb bo`ldi, men tufayli yaxshi bir insonning umri kul bo`lib sochiladi endi, deb ich-etimni erdim. Bu azobda qanday tirik yuraman? Ko`ksim to`la muhabbat o`z o`rnini shunday iztiroblarga bo`shatib berdi. Sevgan insonim — turmush o`rtog`im bilan munosabatlarimga bu hol soya solmay qolmadi, albatta.

Sud bo`ladi deb eshitgan kunimiz erim uyga ichib keldi. Ko`zlari suzilib, yoqimsiz iljayar, meni sinchkov nigoh bilan kuzatardi. Unga ilgarigidek e`tibor bermay qo`ydim shekilli —mana samarasi. Chamamda, noto`g`ri yo`ldaman. Ko`nglimning yagona egasi qarovsiz takaga aylanib qolibdi. Uni sevgan baxtiyor kunlarimni, hamisha xayolimda turadigan qiyofasini xotirlagim keldi, shuni istaganimda ko`z o`ngimga faqatgina bitta siymo — Kamoliddinning oxirgi bor ko`zlarimga qaragan lahzasi kelardi. Men Sharq ayoliman. Bu mumkin emasligini bilsam ham ko`z o`ngimdan Kamoliddinning nigohini quva olmasdim. Muslim bir oilada ko`rgan tarbiyam menga har bir ayol o`z jufti halolinigina sevishi lozim, o`zgalarni hatto xayoliga keltirishi buyuk gunoh deya uqtirgan.

– Nimani xayol surib o`tiribsan? – erim bepisandlik bilan tahqir ohangida so`radi. So`ng javobimni kutmay, davom etdi: – Yo endilikda kuniga yigirma uch marta telefon qiladigan odaming bo`lmaganiga zerikyapsanmi?

Seskanib ketdim.

– Oh, bechora qumrilar, sen bunda xor, u senga zor, – dedi xunuk qahqahlab. – Ajab ishlar bo`ldi-da. Beozorgina ko`rinib, eng yaxshi do`stimning boshiga etding-a. Uni tamom qilding. Endi navbat mengami? Keyin yuraverasan-da bemalol yuzingni chimdilatib.

O`rnimdan turib ketdim. Titrar, jahllanar, o`kinar, hayajonlanar, asabiylashardim. Holimni ko`rib, rahm qildimi, og`riqli gaplarini bas qilib, ichkari uyga qarab yurdi. Eshik yoniga borib, o`girildi-da:

– Qamalganiga xafa bo`lib, ich-etingni eyaverma, birovning xotinini sevib qolganning jazosi shu, – dedi har bir so`ziga takabburona urg`u berib.

Endi ko`ksim potirlab, qaqshab og`riy boshladi. Nima degani u, birovning xotinini sevib qolgan degani? Kamoliddin unday inson emas-ku! Aqlini yo`qotibdi.

Bir-ikki kun ko`rinmadi. Ishxonasida tunagandir, deya o`yladim. Uchinchi kuni kechki payt muloyimgina ko`rinib kirib keldi. Ikkimiz ham o`zimizni hech nima bo`lmaganday tutdik. Ovqatlanib bo`lgach:

– Men uxlayman, juda charchaganman, – dedi.

Oshxonadan chiqayotib, yuzimga qaramay:

– Kamolning xotini sevganiga tegolmabdi, sobiq yigiti boshqa qizga uylanib ketibdi, bekorga oilasini buzgani qoldi, ahmoq ayol. Sen ham unga o`xshab dog`da qolding, sevganing qamalib ketdi, – deb nopisandalik bilan gapirdi.

O`ylab qoldim, shu insonni sevgan edimmi, uning uchun borlig`im o`t-otash bo`lib yonarmidi? Uning uchun jon fido qilmoq qadar kuyib-pisharmidim? Sevgi shunchalar umri qisqa baxtmi? Huzurga chulg`ovchi hislarimning bari qayga yo`qoldi? Men muhabbatni tushunolmadimmi, yo u meni? Nega yo`limiz ayro tushayapti? Bu insonning tahqirlarining poyoni bormi hech?

Ma`yusligim ortib borar, dam sayin ko`z oldimga Kamoliddinning qiyofasi kelardi. Noaniq bir iztirob vujudimni tirnab achishtirardi. Eru osmon “gunohkor, gunohkor” tegramda charx urib raqs tushayotgandek edi.

Turmush o`rtog`im ishidan bo`shadi. Kamoliddindan so`ng o`sha erda ishlagisi kelmadi.Butunlay ichkilikka berildi. Endi kun bo`yi meni achchiq gap-so`zlari bilan “siylar”, yo qolishimga, yo ketishimga izn bermasdi. Har-har zamonda meni ergashtirib, Kamoliddinning ota-onasinikiga borar, bir dardimni minglatib, ularning hasratlarini eshittirib kelardi.

Kun kechirish uchun kimdir qimirlashi kerak edi. Tilla zanjirimnipullab, tirnoq parvarishi, jilo beruvchisiga shogird tushdim. So`ng o`sha salonga ishga ham joylashib oldim.

Erim har kuni shirakayf bo`lib kelib, do`stimni sen qamatding, deb iddao qilishdan to`xtamasdi. Uni sevgan baxtiyor kunlarimni, har on qalbimda turadigan qiyofasini xotirlagim kelardi... Nomusli bir yigitning hayoti barbod bo`lishiga sababchiman, degan xayol bilan ich-etimni eb bitirdim. Oldindan yurak xastaligim bor. Bu voqea uni kuchaytirib yubordi. Hali yosh bo`lsam ham umrim nihoyalanib borayotganini sezaman.

Alvido, foniy dunyo, sening yo`llaringda yayrab yurolmadim, baxtli onlarim ko`pga cho`zilmadi. Ammo haqiqiy muhabbat bor ekaniga ishonib ko`z yumaman. Sen bir insonni bir on bo`lsa-da, pok ishq bilan sevdingmi, armoning qolmas ekan. Endi men o`sha insonni bilaman, uni lahzalik nigohidan tanib oldim. Hayotdan ketishimdan oldin esa faqat bir ismni takrorlayman — Kamoliddin!”

Hikoya shu erda yakuniga etgan edi. Nima deyishni, qanday izohlashni bilmayman. Ba`zan boshqalarga bepisand nigoh tashlab, past baho beramiz. Ammo quruq o`tin kabi ko`ringan kishilarning ham ichida hislari, iztiroblari yoki qayg`uli o`tmishi bo`ladi. Men ham bu ayol haqida adashibman. Hech kimga tashqaridan turib baho qo`yish yaramaydigan ish ekan. O`pkam to`lib, o`ksib-o`ksib yig`ladim. Olloh insonlarni, insonlar uchun esa ishq atalmish ne`matni nega yaratganini tushunib etganday bo`ldim. Kichik bir xonada kichik bir yumush bilan chalg`iyotgan bir ojizaning qanchalar buyuk qalbi bor ekan. Ba`zi insonlarni ko`rib, kuzatib, tanib olar ekansan, hali hech kim emasman degan xayol tafakkuringga o`rnashib qoladi. Haqiqatan shunday, ishqsiz kishi — qalbsiz vujuddir.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1