Poytaxtimizdagi “O`zko`rgazmasavdo” majmuasida “Charm, poyabzal, kiyim va aksessuarlar” IV xalqaro ko`rgazmasi ochildi. Ko`rgazma O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi ko`magida “O`zbekcharmpoyabzali” uyushmasi, “O`zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi va “Expocontact” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etildi.
2013 yilda soha korxonalari tomonidan qiymati qariyb 2150 milliard so`mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Eksport qilingan mahsulotlar umumiy hajmi 827,3 million dollarni tashkil etdi. Chunonchi, xorijiy davlatlarga qiymati 120 million dollardan ortiq charmdan tayyorlangan poyabzal va attorlik mahsulotlari etkazib berildi, deya xabar beradi O`zA.
Mamlakatimizda to`rtinchi marta o`tkazilayotgan “Charm, poyabzal, kiyim va aksessuarlar” xalqaro ko`rgazmasida Xitoy, Italiya, Rossiya, Indoneziya, Turkiya va boshqa davlatlardan saksondan ortiq korxona qatnashmoqda. Ular moda sanoatining eng so`nggi yo`nalishlari va bozor talablarini inobatga olgan holda, poyabzal va tikuvchilik mahsulotlari, charm, gazlama, mo`yna va qorako`ldan aksessuarlarni namoyish etmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar stendlarida zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar va furnituralarni ham ko`rish mumkin.
“O`zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tarkibiga kiradigan korxonalar keng ekspozisiyani ishtirokchilar e`tiboriga havola qilmoqda. Masalan, “Farg’ona charm polimer”, “Poyabzalchi”, “Style-Step”, “Edelweys”, “Dambog’ poyabzali savdo” kompaniyalari ayollar, erkaklar, bolalar, sport poyabzali, shuningdek, maxsus oyoq kiyimlar, ortopedik va boshqa keng turdagi poyabzal mahsulotlarini namoyish etayotir. Mamlakatimiz korxonalari tomonidan charm va uning o`rnini bosadigan materiallardan tayyorlangan buyumlar – liboslar, sumka, kamar, sport inventarlari katta qiziqish uyg`otmoqda.
– Korxonamiz charm va uning o`rnini bosadigan materiallar, rezinadan poyabzallar ishlab chiqarmoqda, – deydi Samarqand viloyatidagi “Zamon Tekstil Eksport” mas`uliyati cheklangan jamiyatining loyihalar bo`yicha menejeri Sherali Temirov. – Mahsulotlarning katta qismi MDH mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Qozog`istonda ham o`z korxonamizni ochib, Rossiyada do`konlar tarmog`ini tashkil etdik. Chet ellik hamkorlarimizdan ko`plab buyurtmalar kelib tushmoqda. Shuning uchun ishlab chiqarish quvvatini oshirib, to`qimachilik mahsulotlari tayyorlashni yo`lga qo`ymoqdamiz.
Engil sanoat mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri. O`zbekistonda ishlab chiqarilayogan tayyor mahsulotlar nafaqat yuqori sifati, balki zamonaviy dizayni bilan ham ajralib turadi. Shu bois bunday mahsulotlarga jahon bozorida talab katta bo`lib, o`nlab davlatlarga eksport qilinayotir.
Italiyaning “Siretessile Textile Industry” kompaniyasi menejeri Marko Nerining ta`kidlashicha, O`zbekistonning poyabzal ishlab chiqarish salohiyati ortib borayotir va bu o`zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yo`lga qo`yishni taqozo etadi. Poytaxtimizdagi “Pro-Obuv” mas`uliyati cheklangan jamiyati keng turdagi tayyor maxsus poyabzallarni taqdim etmoqda. Ko`rgazmaning birinchi kunida korxona mahsulotlarining xorijiy xaridorlari safiga Janubiy Koreya kompaniyalari ham qo`shildi.
– Avval o`tkazilgan ko`rgazmalar yurtimizda ishlab chiqarilgan tovarlar yuqori sifati va zamonaviy dizayni bilan ajralib turishi, xorijiy mahsulotlardan bir necha barobar arzon ekanini namoyish etdi, – deydi “O`zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisining o`rinbosari Sharifjon Sheraliev. – Bu ichki bozorni xaridorgir milliy mahsulotlar bilan to`ldirish barobarida ularning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga yordam bermoqda.
“Charm, poyabzal, kiyim va aksessuarlar” xalqaro ko`rgazmasi xalqaro hamkorlikni yo`lga qo`yish uchun qulay imkoniyatdir. Uning ishtirokchilari geografiyasi yil sayin kengayib bormoqda. An`anaga ko`ra, ko`rgazma yakunida yangi eksport shartnomalari va investisiyaviy bitimlar imzolanadi.
Ko`rgazma dasturi doirasida hunarmandlik, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni tashkil etish hamda rivojlantirishga oid trening, ayollar libosalarini tayyorlash bo`yicha mahorat saboqlari va boshqa tadbirlar o`tkaziladi.
Ko`rgazma 17 mayga qadar davom etadi.





