Toshkent shahrida “O`zbek milliy kino san`ati kunlari” festivali bo`lib o`tdi.
“O`zbekkino” milliy agentligi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida o`tkazilgan mazkur festival tadbirlariga kinomuxlislar, o`quvchi-yoshlar taklif etildi.
“O`zbekkino namoyish etadi” shiori ostida o`tkazilgan mazkur festival doirasida Yoshlar ijod saroyi, Respublika kinochilar uyi, oliy va o`rta maxsus ta`lim dargohlarida kinoijodkorlar, ssenariynavislar, atoqli yozuvchi va shoirlar, rejissyorlar, operatorlar, montaj ustalari, aktyorlar bilan uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar, davra suhbatlari o`tkazildi. So`nggi yillarda suratga olingan badiiy filmlar namoyish etildi.
Festival doirasida «Yuksak ma`naviyatli avlod» respublika tanlovining Toshkent shahar bosqichi g`oliblariga diplom va sovg`alar topshirildi.