19 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashning IV sammiti yig`ilishida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbarini Shanxay shahrining «Xunsyao» xalqaro aeroportida XXRning rasmiy shaxslari tantanali ravishda kutib oldi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va XXR Raisi Si Szinpin 20 may kuni ikki tomonlama uchrashuv o`tkazadi. Suhbat chog`ida ikki davlat rahbarlari strategik sheriklikning ustuvor maqsadli vazifalari va mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli masalalarini atroflicha muhokama qiladi.
Prezident Islom Karimov 21 may kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashning IV sammiti yig`ilishida ishtirok etadi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash qit`ada hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan xalqaro forumdir. Kengashning asosiy maqsadi ko`p tomonlama munosabatlarni ishlab chiqish orqali bu yo`nalishdagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Bugungi kunda Kengashga 24 davlat a`zo. To`qqiz mamlakat va to`rt xalqaro tashkilot uning kuzatuvchilari hisoblanadi.





