AsosiySport

Jahonga mashhur murabbiy Chikinyov O`zbekiston terma jamoasida ish boshladi

'Jahonga mashhur murabbiy Chikinyov O`zbekiston terma jamoasida ish boshladi'ning rasmi

Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi taklifiga ko`ra poytaxtimizga etib kelgan estoniyalik murabbiy Igor Chikinyov ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi.

Ushbu anjumanda shuningdek, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri o`rinbosari Oybek Kasimov, O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi Bosh kotibi Muhammad Humoyun Ibragimov, yosh qilichbozlar, murabbiylar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

“Menga shunday ishonch bildirilayotganidan xursandman, - deb so`z boshladi Igor Chikinyov. - O`zbekistonda qilichbozlik bilan shug`ullanish uchun juda yaxshi sharoitlar yaratilgan. Ishonavering. Men so`nggi besh yil ichida Estoniyada ishladim. Bunday sharoit u erda yo`q. To`g`ri, Estoniyada yaxshi maktab va an`analar mavjud, ammo, sharoit bo`yicha solishtiradigan bo`lsak bu borada O`zbekistonda imkoniyat katta.

O`zbekiston so`nggi paytlarda har jabhada shiddat bilan rivojlanmoqda. Oddiy misolni keltirib o`tsam. O`tgan yilning dekabrida bu erga kelganimda aeroportda menga qandaydir tushunarsiz qog`ozlarni to`ldirishimni aytib, bir yarim soat vaqtimni olishgandi. Bu juda yoqimsiz holat. Ikki oy o`tib, kecha mamlakatingizga yana keldim. Bilasizmi, Toshkent xalqaro aeroportida ortiqcha vaqt sarflab o`tirganim yo`q. "Yashil yo`lakcha" orqali o`tdim va ortiqcha qog`ozbozliksiz tezda aeroport xududidan shaharga chiqdim. Atigi ikki oy ichida xalqaro standartlarga to`la mos keladigan bu o`zgarishlarning ro`y bergani O`zbekiston rivojlanish masalasida dadil qadamlar tashlayotganini ko`rsatib turibdi. Bu katta narsa. Ishonamanki, qolgan sohalar ham jadallik bilan oldinga siljimoqda", - deb so`z boshladi Igor Chikinyov.

Shundan so`ng yig`ilganlar tajribali mutaxassisga o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

"Yaratilgan sharoitlardan to`g`ri foydalanib, barchasini izga tushirib olishimiz kerak. O`zbekiston hukumati sportni rivojlantirish uchun katta e`tibor qaratmoqda. Qolaversa, yurtingizda sport sohasiga juda katta mablag`lar kiritilmoqda.O`z vaqtida Sobiq Ittifoq, Shvesiya, Estoniya terma jamoalarida faoliyat olib borganman. U erdagi tizimlarning barchasi bir-biridan farq qiladi. Maqsadim bu erdagi sportchilarning saviyasini ko`tarish. Hozir bu erdagi yoshlarning iqtidorli ekanligi xaqida ortiqcha to`xtalib o`tirmayman. Shunisi aniqki, yoshlarda iqtidor va salohiyat bor. Osiyoliklar tezkor va chidamli bo`ladi.

Qit`ada kuchli terma jamoalar etarli. Janubiy Koreya dunyo miqyosida etakchilardan biri hisoblanadi. Ular bunday saviyaga birdaniga chiqib olishmagan. Buning uchun 15-20 yil vaqt ketgan. Ular ham boshida xorijlik kuchli murabbiylarni taklif etganlar. Videoroliklardan keng foydalanishgan. Shunday ekan, saviyani oshirish uchun bu erda ham imkoniyatlar etarli. Agar bunga ishonmaganimda 2,5 yil O`zbekistonda ishlashga rozi bo`lib o`tirmasdim.

Avvaliga Olimpiya o`yinlariga lisenziya olish uchun harakat qilamiz. Ammo bu oson bo`lmaydi. Osiyoda asosiy favoritlar Janubiy Koreya va Yaponiya. Shuningdek, Qozog`iston, Quvayt, Singapur kabi mamlakatlar ham kuchli hisoblanadi. Ammo biz imkon qadar kuchli raqobatni engib o`tib Olimpiya o`yinlari lisenziyasini qo`lga kiritishga harakat qilamiz", - dedi shpaga bo`yicha O`zbekiston terma jamoasining yangi murabbiyi.

Ma`lumot uchun, 2017 yilning 4-12 dekabr kunlari O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi bilan hamkorlikda sportning ushbu turi murabbiylari uchun o`quv-texnik seminar tashkil etgandi.

O`sha seminarni olib borish uchun Igor Chikinyov yurtimizga taklif etilgandi. O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi rahbariyati esa o`sha vaqtdayoq estoniyalik mutaxassis bilan shartnoma imzolashni va terma jamoa boshqaruviga jalb etishni maqsad qilib qo`ygandi. Oradan 2 oy o`tib ushbu kelishuv amalga oshdi va Chikinyov Tokio 2020 Olimpiya o`yinlariga qadar terma jamoamizda faoliyat ko`rsatadigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar