AsosiyJamiyat

Islohotlarni chuqurlashtirishda turmush sifatini yaxshilashning ijtimoiy omillari muhokama etildi

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida “Islohotlarni yanada chuqurlashtirish sharoitida turmush sifatini yaxshilashning ijtimoiy omillari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo`lib o`tdi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazlari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda oliy o`quv yurtlari professor-o`qituvchilari, olim va mutaxassislar, talabalar ishtirok etdi.

Mazkur universitet rektori G`.Muhamedov, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi direktori R.Ubaydullaeva va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar jarayonida yoshlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularni turli yot g`oya va mafkuralar ta`siridan muhofazalash masalalariga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.

Iqtidorli yoshlar har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotgani, ilmiy izlanishga intiladigan, yangicha fikrlash qobiliyatiga ega yosh olimlarni tayyorlashning puxta o`ylangan tizimi hayotga tatbiq etilayotgani bu ishlar samaradorligini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Konferensiyada ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va barqaror rivojlanish aholi turmush sifatini yaxshilash omili, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda mahallaning o`rni, bolalarni ijtimoiy muhofazalash, sosiologiya sohasida sifatli tadqiqot usullaridan foydalanish masalalari xususida so`z yuritildi. Islohotlarni yanada chuqurlashtirishda sosiologiya fani taraqqiyoti, bolalar huquqlarini ta`minlash, ijtimoiy ish amaliyotini rivojlantirish masalalari bo`yicha fikr-mulohazalar bildirildi. 

    Boshqa yangiliklar