AsosiySiyosat

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi dunyo "aql markaz"lari top-50 taligiga kiritildi

'"Taraqqiyot strategiyasi" markazi dunyo "aql markaz"lari top-50 taligiga kiritildi'ning rasmi

2017 yil yakunlariga ko`ra, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi “Global Go To Think Tank Index Report” dunyodagi tadqiqot va tahlil markazlari yillik reytingiga kiritildi. Bu haqda markazning Telegram kanalida xabar qilindi.

Reytingni tuzish jarayonida 7815 ta “aql markaz”larining o`tgan yildagi faoliyati tahlil qilingan. Unda turli nominasiyalar taqdim etilgan bo`lib, ular, o`z navbatida, 4 ta asosiy guruhga bo`lingan. Reyting TACTSP Global Think Tank Database ma`lumotlar bazasiga kiritilgan 62 mingdan ortiq nufuzli ekspertlar, jurnalistlar, siyosatchilar hamda iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar sohasi mutaxassislari o`rtasida o`tkazilgan so`rov natijalari asosida tuzilgan.

“Global Go To Think Tank Index Report” tadqiqot va tahlil markazlarining yillik reytingi “Ekspertlik-tahliliy markazlar va fuqarolik jamiyati” dasturi doirasida 2008 yildan buyon e`lon qilinib kelinadi.

O`tkazilgan so`rov natijalariga ko`ra O`zbekistonning “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Xitoyning “Bir makon, bir yo`l” markazi, “Amerika siyosati milliy jamg`armasi”, Niderlandiyaning “Integrasiya va jamiyat ilmiy platformasi” kabi qator nufuzli institutlar qatorida “2017 yilning yangi tashkil etilgan eng yaxshi “aql markazi” nominasiyasi bo`yicha elliktalik reytingida e`tirof etildi. Ushbu nominasiyada so`nggi 24 oy davomida tashkil etilgan va ilg`or xorijiy tajriba hisoblanadigan “aql markazlari” ko`rib chiqildi.

Eslatib o`tamiz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o`z faoliyatini bir nechta yo`nalishlarda olib boradi. Markaz, avvalambor, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilish holati to`g`risida keng jamoatchilikka axborot berib boradi. Shuningdek, turli forum, anjuman, jamoatchilik muhokamalari va ijtimoiy so`rovlar o`tkazish orqali davlat va fuqarolar o`rtasida ochiq muloqot o`rnatishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar