AsosiyJinoyat

Qizalog`ini urgan ota ozodlikdan mahrum etildi

'Qizalog`ini urgan ota ozodlikdan mahrum etildi'ning rasmi

To`rt yoshli qizaloqni shafqatsizlarga urayotgan, tahqirlayotgan ota...

Bu so`zlarni o`qishingiz bilan shu voqea aks etgan vidotasvir ko`z oldingizga keldi, to`g`rimi? Albatta, nafaqat ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan, balki ming-minglab qalblarni o`rtagan bu voqeani unutib bo`larmidi?

Farzandini kaltaklayotib, buni videoga olgan ota o`z qizchasiga qarata shunday gaplarni aytgan:

“Ikki yildan beri senlarni kim boqyapti? Menga kerakmisan sen? Kerakmassan. Onangga kerakmisan? Onang qaerda? Ikki yildan beri keldimi, sendan xabar oldimi?..”

Jajji Mubinabonuning najot izlab yalinib-yolvorishi, shashqator ko`z ko`zyoshlari javobsiz qolmadimi? Albatta, yo`q.

Mazkur voqeadan keyin Chilonzor tumani prokurori Mubinabonu va uning voyaga etmagan akasining manfaatini ko`zlab sudga da`vo arizasi kiritdi. Bolaga shafqatsiz munosabati bois X.A Fuqarolik ishlari bo`yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan otalik huquqidan mahrum etildi.

Shu bilan birga, X.A ning o`z qizini qiynab, tahqirlagani holati yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tumani sudida mazkur jinoyat ishiga oid ochiq sud majlisi bo`lib o`tdi, deb yozadi O`zA.

Sudlanuvchi so`nggi so`zida qilmishidan qattiq pushaymon ekanini, aslida farzandlarini yaxshi ko`rishi, o`sha videoni ikki yil davomida xorijda ishlayotgan turmush o`rtog`ini qaytarish maqsadida tasvirga tushirganini aytdi. Shunday qilsam, zora ayolim bolalariga rahmi kelib qaytar, degan niyatda edim, dedi u.

Sud majlisida ishtirok etgan sudlanuvchining qarindoshlari so`zlariga ko`ra, qizchaning onasi u hali ikki yoshga to`lmasdan uni otasiga tashlab, o`zi Turkiya davlatiga ishlashga ketgan. Ota qizchasi va undan kattaroq bo`lgan o`g`liga o`zi qarab kelgan. Ayolining xorijda yomon ishlar bilan shug`ullanganini bilgach erkakning sabr kosasi to`lgan.

Lekin bu gaplarning hech biri bolani urish, qiynash uchun asos bo`lolmaydi. Milliy qonunchiligimizda bolalar huquqlari kafolatlari himoyalangan bo`lib, ularga nisbatan g`ayriqonuniy harkatlar sodir etish, ojizligidan foydalanib tahqirlash, ular mehnatidan foydalanishga yo`l qo`yilmaydi. Bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik choralari ko`zda tutilgan.

- Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 110-moddasida nazarda tutilgan ya`ni “Qiynash” bilan bog`liq jinoyatni voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etgan, - deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Dilmurod Valiev. – Jazo tayinlashda barcha holatlar inobatga olindi. Sudlanuvchining avval nojo`ya qilmishlar sodir etmagani, ya`ni sudlanmagani, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lgani, aslida bolalari taqdiriga befarq emasligi kabilar jazoni engillashtiruvchi holat, deb baholandi. X.A olti oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Xulosa o`rnida aytib o`tish kerakki, onaning oilani tark etib ketishi, ro`zg`or, bolalar tashvishidan bezgan otaning sabr kosasi siniqlari qizaloqning boshiga yog`ilgan, aslida. Er va xotinning bir-birini tushunmasligi, o`zaro mehr-oqibat yo`qligi ana shunday parokandalikka sabab bo`layotgani sir emas. Sud materiallaridan ma`lum bo`lishicha, yuqoridagi holatda ham er va xotin o`rtasida doimiy kelishmovchiliklar bo`lib turgan. Achinarlisi, bundan bolalar aziyat chekayotganidir.

Odamlar chiroyli, dabdabali to`ylar haqida bosh qotirib, bunga borlig`ini baxshida qilishyapdi-yu, chiroyli turmush tushunchasi esdan chiqib bormoqda. Ikki inson, ya`ni yigit va qiz nafaqat jismonan, balki ma`nan, qalban bir biriga mos bo`lmaguncha, ular yaxshi turmush kechirolmasligini qachon tushunib etamiz? Mol-davlatiga, chiroyiga, amaliga qarab tuzilayotgan oilalar bois hozirgi kunda bolalar arosatda qolayotganini ko`rish uchun ko`zni katta ochish ham shart emas. Ayting-chi, bunga qachongacha befarq qaraymiz?

    Boshqa yangiliklar