AsosiySport

Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan polvonlarimiz tantanali kutib olindi

'Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan polvonlarimiz tantanali kutib olindi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 27 fevral - 4 mart kunlari Qirg`iziston poytaxti Bishkek shahrida sport kurashlari bo`yicha Osiyo chempionati o`tkazildi.

Qit`a miqyosidagi eng nufuzli musobaqada o`zbekistonlik sportchilar 15 ta medal qo`lga kiritganliklar haqida ham xabar qilgandik. Bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida musobaqada ishtirok etgan kurashchilarimiz tantanali tarzda kutib olindi.

Sportchilarimizni qarshi olish uchun Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov, O`zbekiston sport kurashlari assosiasiyasi mutasaddilari, chempion sportchilarning oila a`zolari, muxlislar va OAV hodimlari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo`lishdi.

Shuni alohida qayd etib o`tishimiz lozimki, erkin kurash bo`yicha terma jamoamiz bahslarda 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallari bilan sportning ushbu turi nihoyatda taraqqiy etgan Eron, Qozog`iston, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi mamlakatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobidla faxrli birinchi o`rinni egalladi.
Ma`lumot uchun, erkin kurashchilarimiz ikki marta - 1999 va 2011 yillarda ham Osiyo chempionatini birinchi o`rinda yakunlashgandi. Ammo farqli tomoni shundaki, o`sha har ikkala musobaqa ham Toshkentda bo`lib o`tgan va terma jamoamiz unda mezbon sifatida ishtirok etgandi. Bu safar esa terma jamoamiz birinchi marta mamlakatimizdan tashqarida, xorijiy davlat xududida umujamoa hisobida birinchi bo`ldi.

Yunon-rum kurashi bo`yicha terma jamoamiz esa 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallari bilan Osiyo chempionatini umumjamoa hisobida kuchli uchlikda yakunladi.

Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarimizni oldinda Osiyo va Olimpiya o`yinlari kutib turibdi. Biz ularga oldinda turgan muhim va nufuzli musobaqalardan ham mana shunday xursandchilik va yorug` yuz bilan O`zbekistonga qaytishlarini tilab qolamiz.

    Boshqa yangiliklar