Xabaringiz bor, qilichbozlik bo`yicha o`smirlar va kadetlar o`rtasidagi Osiyo chempionatida o`zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etgandilar.
Vakillarimiz musobaqaning jamoaviy bahslarida kumush va bronza medallarini qo`lga kiritib, o`zbek qilichbozligi tarixida yangi sahifa ochishga muvaffaq bo`lishdi. Zero, shu paytga qadar qilich (sablya) yo`nalishida hamyurtlarimiz Osiyo miqyosida birorta medalga ega chiqa olishmagandi. Bugun musobaqada ishtirok etgan qilichbozlarimiz O`zbekistonga qaytib kelishdi.
Sportchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi.

Ularni qarshi olish uchun ko`plab muxlislar, sportchilarning yaqinlari, OAV vakillari aeroportda jam bo`lishdi. Tadbir qahramonlari uchun maxsus avtobuslar ajratilgandi.
Ular sayyoxlik avtobuslarida Toshkent ko`chalari bo`ylab navbatdagi manzil – “Paxtakor” stadioni tomon yo`l oldilar. U erda Osiyo chempionati sovrindorlari va ularning ustozlarini taqdirlash uchun tadbir tashkil etildi.
Tantanali tadbirda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, O`zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, federasiya bosh kotibi Muhammad Humoyun Ibragimovlar ishtirok etishdi.

MOQ rahbari sportchilarni tabriklar ekan, ushbu muvaffaqiyat bilan sportchilar to`xtab qolmasliklarini, kelajakda Osiyo va Olimpiya o`yinlarida ham muvaffaqiyatli natija kutib qolishini aytib o`tdi.
Tadbir davomida shuningdek Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonovlar ham so`zga chiqib, qilichbozlarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklashdi.

Shundan so`ng Osiyo chempionati sovrindorlari va ularning ustozlariga maxsus sovg`a – “Spark” va “Cobalt” avtomobillari kaliti topshirildi. Aniqrog`i, jamoaviy bahslarda kumush va bronza medallarini qo`lga kiritgan har bir sportchiga “Spark”, ularni tarbiyalagan ustozlariga esa “Cobalt” avtomobillari tortiq etildi.

Qilichbozlarimiz uchun navbatdagi xalqaro musobaqa yakunlandi. Ammo oldinda hamyurtlarimizni bundan-da nufuzli, bundan-da mas`uliyatli bellashuvlar kutib turibdi. Navbatdagi manzil esa Jakarta.






