AsosiyJamiyat

O`zbekistonda diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlik masalalari muhokama etildi

O`zbekiston Milliy matbuot markazida 21 may kuni Din ishlari bo`yicha qo`mita,  Respublika Baynalmilal madaniyat markazi Toshkent islom universiteti hamda diniy tashkilotlar hamkorligida “O`zbekistonda diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlik” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbir davomida O`zbekistonda fuqarolarning e`tiqodi va vijdon bosh qomusimiz bilan ta`minlangani, jamiyatimizda diniy bag`rikenglik va millatlararo do`stlik-hamkorlik g`oyalarini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Xalqimizning bag`rikenglik g`oyalariga sodiq ekanligining yaqqol ifodasi sifatida hayotiy faktlardan misollar keltirildi. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro markazi, Toshkent Islom universiteti, O`zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli diniy ta`lim muassasalari, pravoslav va protestant seminariyalarida diniy bag`rikenglikni targ`ib etuvchi turli tadbirlar muntazam o`tkazilmoqda.

Respublikada faoliyat ko`rsatayotgan turli konfessiyalar tomonidan O`zbekistonda dindorlarning emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgani e`tirof etilmoqda. Musulmonlar uchun “Hidoyat” va “Islom nuri” nashrlari, pravoslavlikka e`tiqod qiluvchilar uchun “Slovo jizni” gazetasi, “Vostok svshe” jurnali, shuningdek, ibodat ma`ruzalari va boshqa ma`rifiy nashrlar chop etilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar diniy ibodat va rasm-rusumlarini yuqori saviyada ado etish imkonlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo`lib, mustaqillik yillarida fuqarolarimizning 98 000 nafar fuqarolarimiz Haj, 70 000 dan ziyodi esa Umra ibodatlarini ado etdilar.

O`zbekistonda barcha millatlar, diniy tashkilot va konfessiyalar vakillari faoliyati uchun birdek qulay imkoniyatlar mavjudligi turli diniy konfessiyalarga mansubligidan qat`iy nazar, birdam va yakdil ekani e`tirof etildi. Misol tariqasida o`tgan aprel oyida dunyo xristaianlari qatorida o`zbekistonlik pravoslav cherkovi izdoshlari ham Pasxa bayramini keng nishonladilar. Shu munosabat bilan ulardan 130 dan ziyod nafari Isroilning Quddusi sharif shahridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat etib keldi. Bu kabi ziyoratlar har yili tashkil etiladi. Bundan tashqari ular yil davomida Gresiya va Rossiyaning turli qadamjolarini ziyorat etish imkoniga egalar.

Aynan shu yo`nalishda olib borilayotgan ishlar natijasi, bugungi kunda chet ellik hamkorlarimizda ham katta qiziqish uyg`otayotgani e`tirof etildi.
Shuningdek, mutaxassislar dunyodagi notinch vaziyat, qator davlatlarda milliy va diniy niqob ostida olib borilayotgan urushlar, janjallarga anjuman ishtirokchilari e`tiborini qaratib, tinchlikning qadriga etishga va doimo ogoh bo`lishga da`vat etdilar. Xususan, bugungi kunda dinning asl insonparvarlik mohiyatini asrash, uni noto`g`ri qarashlardan saqlash, uning jamiyatdagi ma`naviy-ma`rifiy salohiyatini jamiyatdagi barqarorlik, ijtimoiy hamkorlik, millatlar va konfessiyalararo totuvlikka yo`naltirish borasida ishlarni izchil davom ettirish ta`kidlandi.

Bugun mamlakatimizda 130 dan ziyod millatga mansub fuqarolarimiz 16 ta diniy konfessiyaga e`tiqod qilib kelmoqdalar. Aholimizning milliy an`analari va diniy e`tiqodi uchun shart-sharoit yaratish Konstitusiyamiz bilan kafolatlanib, xalqimiz teng huquqlilik asosida demokratik, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo`lida yagona oila singari birlashganlar. Mazkur yo`nalishlarda 2 200 dan ziyod diniy tashkilot va 140 ga yaqin milliy madaniy markazlarning faolligi alohida ahamiyat kasb etadi.

    Boshqa yangiliklar