AsosiyJamiyat

Sayyoramizda o`simlik va hayvonot dunyosining ko`plab turlari yo`qolish arafasida

Poytaxtimizda O`zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Global ekologik jamg`armaning kichik grantlar dasturi bilan hamkorlikda 22 may butun dunyoda biologik xilma-xillikni asrash kuniga bag`ishlab seminar tashkil etildi.

Tadbirda deputatlar, tegishli davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ekolog mutaxassislar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Mutaxassislarning ma`lumotiga ko`ra, bugungi kunda sayyoramizda o`simlik va hayvonot dunyosining ko`plab turlari yo`qolish arafasida. Bu bioxilma-xillikning kamayishiga, ekotizimlar barqarorligi va  taraqqiyotga tahdid solmoqda. Ushbu ekologik muammolardan aholining xabardorlik darajasini yanada oshirish va ularni bartaraf etishda o`zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida shu kun keng nishonlanadi, deya xabar beradi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 mayda qabul qilingan “2013-2017 yillarda O`zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo`yicha harakatlar dasturi to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko`lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo`layotir.

Mamlakatimiz boy tabiati va noyob biologik resurslari bilan dunyoning boshqa mintaqalaridan alohida ajralib turadi. Yurtimizda to`rt ming sakkiz yuzdan ortiq turda o`simlik, qariyb o`n olti mingga yaqin hayvonot turini uchratish mumkin. Ularning muayyan qismi kamyob bo`lib, faqat bizning mintaqamizda mavjuddir.

Ushbu noyob tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, yo`qolib borayotgan turlarni ko`paytirish, alohida muhofaza etiladigan hududlarni kengaytirish, tabiatga inson omili salbiy ta`sirining oldini olish yurtimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning muhim yo`nalishiga aylangan.

Mamlakatimizda sakkizta davlat qo`riqxonasi, bitta biosfera rezervati, ikkita milliy bog`, o`n ikkita davlat buyurtmaxonasi, hayvonlarning noyob turlarini ko`paytirishga ixtisoslashgan “Jayron” ekomarkazi tashkil etilgan. Kamyob flora va fauna turlarini asrash, ekologik tizimlar barqarorligini saqlashga yo`naltirilgan ko`plab ilmiy-amaliy loyihalar hayotga izchillik bilan tatbiq etilmoqda. Olimlarimizning ana shu yo`nalishdagi izlanishlari natijasida ilgari fanga ma`lum bo`lmagan ko`plab o`simlik turlari aniqlanib, muhofazaga olindi. Hayvonot dunyosini muhofazalash bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida sayg`oq, jayron kabi noyob jonivorlar kamayib ketishining oldi olinmoqda.

Yurtimizda biologik xilma-xillikni muhofazalashga oid xalqaro konvensiyalar talablarini amalga oshirish yuzasidan ham ko`plab loyihalar bajarilmoqda. Neft-gaz tarmog`iga bioxilma-xillik tamoyillarini joriy etish, o`rmonlar, yashil hududlar maydonini kengaytirish, noyob hayvon va o`simlik turlarini ko`paytirish, ekologik ta`limni rivojlantirish, suvli-botqoqli hududlarni muhofazalashga yo`naltirilgan ishlar bunga misoldir.

Seminarda bioxilma-xillikni asrashga oid O`zbekiston tajribasi, bu yo`nalishda hayotga tatbiq etilayotgan hamkorlik loyihalari, alohida muhofaza etiladigan hududlar tizimini rivojlantirish, iqlim o`zgarishiga moslashish, ekotizimlar barqarorligini mustahkamlashga oid ilmiy va amaliy  dasturlar natijalari va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlangan ma`ruzalar tinglandi.

 

    Boshqa yangiliklar