Dushanbe shahridagi «Qasri Millat» qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi.
Marosimdan so`ng Shavkat Mirziyoev va Imomali Rahmon yakkama-yakka muzokara o`tkazdi.
Prezidentimiz taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimiz ushbu uchrashuvni uzoq kutganini qayd etdi.
Davlat rahbarlarining o`tgan yili bo`lib o`tgan uchrashuvlari siyosiy ishonch darajasini oshirib, O`zbekiston-Tojikiston hamkorligiga yangi sur`at bag`ishladi.
2017 yil yakunlariga ko`ra o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 240 million dollarni tashkil etdi. Bu oxirgi 20 yildagi eng yuqori ko`rsatkichdir. O`zaro tovar etkazib berish hajmi, xizmatlarni hisobga olmaganda, keyingi ikki yilda 10 marotabadan ortiq ko`paydi.
O`tgan yili mamlakatlarimiz poytaxtlari o`rtasidagi aviatashuvlar, temir yo`l qatnovi qayta tiklandi. Samarqand-Panjikent oralig`ida A-377 xalqaro avtomobil yo`li ochildi. O`zbekiston-Tojikiston davlat chegarasida o`tkazish punktlari o`z ishini tikladi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikasiya, suv-energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o`zaro qatnovi uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi.
Ikki mamlakat hukumatlariga o`zaro savdo hajmini oshirish va uning tarkibini diversifikasiya qilish masalalarini o`rganish topshirildi. Foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga solish bo`yicha takliflar o`rtaga tashlandi, turli qo`shma ishchi guruhlar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, bugungi tahdid va xatarlarga qarshi samarali kurashish masalalari ko`rib chiqildi.