AsosiyJamiyat

20 kishiga fuqarolik pasporti topshirildi

'20 kishiga fuqarolik pasporti topshirildi'ning rasmi

Termizda Prezidentimizning farmoniga muvofiq O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 20 kishiga fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda inson manfaatlarini ta`minlab, fuqarolarni har tomonlama himoya qilish yuzasidan ko`rsatilayotgan g`amxo`rliklar ko`p millatli xalqimizning ahil va inoq turmush kechirishida muhim omil bo`layotgani alohida ta`kidlandi.

Bunday yuksak fazilatlar uzoq yillardan buyon mamlakatimizda yashab, yurtimiz ravnaqiga o`z hissasini qo`shayotgan, biroq fuqaroligi bo`lmagan insonlarga O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilayotganida ham o`z ifodasini topayotir.

Dilfuza Sherxonova uch yoshigacha Tojikiston Respublikasida yashagan. 25 yildan buyon Termiz shahridagi Temiryo`lchi mahallasida istiqomat qiladi. Temir yo`l tarmog`ida ishlayotgan D.Sherxonova o`zining samarali mehnati bilan hamkasblari hurmatini qozongan. Mamlakatimizda keng nishonlangan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni Dilfuza uchun bir umr yodda qoladigan qo`shaloq bayramga aylandi. U O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinib, Konstitusiyamizda belgilangan barcha huquqlardan foydalanish sharafiga muyassar bo`ldi.

– Fuqaroligim bo`lmagani men uchun armon edi. Bugun quvonchim cheksiz, – deydi D.Sherxonova. – Orzu-armonim ushalib, O`zbekiston Respublikasi pasportiga ega bo`ldim. Jonajon O`zbekistonning teng huquqli fuqarosi bo`ldim. Bu ishonch meni fidoyilik bilan mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga yanada ko`proq hissa qo`shishga undaydi. Turmush o`rtog`im bilan bir o`g`ilni tarbiyalab, kamolga etkazmoqdamiz. Uni ham Vatanga munosib, yurtga sodiq farzand etib ulg`aytirishga va`da beraman.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar