«Qalblari quyosh yaxshi odamlar…»

Mutolaa 09.03.2018, 14:58
«Qalblari quyosh yaxshi odamlar…»

Er yuzidagi insonlar bir-biriga begona deya nazar solmasa, mudom tinchlik hukm surardi. Keling, shu fikrga amal qilishni oiladan, mahalladan boshlaylik. Atrofimizdagi yaqin-uzoq insonlarga mehr-oqibat ko`rsataylik...

Qo`shnining iltifoti

«Oilamizda qiz farzand yo`qligi uchun to`rt aka-uka rosa tortishardik. Ro`zg`or ishlari ustida-da, albatta. Onam kun bo`yi ishda. Ertalab hamma yumushlarni tayinlab, hatto, qay birini qaysinimiz qilishimiz kerakligin aytib ketadi. Lekin maktabdan qaytgach — ikki akam menga, men ukamga buyruq berish bilan kunni kech qilamiz. Qo`shnimizning qizi Risolat opa to`polonimizni eshitib, bizga iltifot ko`rsatarmidi yo kattalar hazillashganidek akamda ko`ngli bormidi, hovlimiz oldini o`zlarinikiga qo`shib supurib qo`yardi. Yillar o`tdi. Hammamiz alohida uy-joyli qilib ketdik. Ota-onam ham dunyodan o`tishdi. Baraka topgur (onam shunday duo qilardi) Risolat opa ham mahallamizga kelin bo`ldi. Yaqinda ukam uyni otamdan keyin o`z nomiga o`tkazishi kerakligini aytib qoldi. Uchalamizning roziligimiz kerak ekan. Aslida, ukam ikki yildan beri bu haqda xayoliga ham keltirmagandi. Xijolat tortganmi, ammo vaqtida hujjatlarni rasmiylashtirmasa, jarima solinarkan... Biz uch akasi esa shaytonning qutqusiga uchdik. «Otamdan katta hovli qoldi», deya ulush talab qila boshladik. Hatto, mahalla raisiga uchrashishgacha boribmiz, a? Bir kuni ukam bilan dangal gaplashib olish uchun ota uyimga borayotsam, Risolat opa bilan yuzma-yuz keldik. Opamdek bo`lib qolgan, so`rashdim.

— Akrom, uch aka-uka ham uy-joyli bo`lsangiz. Ukangiz hali oyoqqa turib ham olmagan. Shu katta hovlining eshigi doim sizlarga ochiq tursa, nega endi mehr-oqibatni unutib, uy talashayapsizlar? — dedi onamdek dona-dona qilib gapirib.

Negadir, ilk bor qilayotgan ishimiz uchun mulzam tortdim. Ukamning uyiga kirdim-u roziligimni aytdim. Kelinning «Ovqat suzayotgandim», deyishiga ham qaramay, akalarimnikiga yo`l oldim...»

O`zbekona raqs

«Bolalik yillarim tuman kutubxonasiga jin ko`chalardan o`tib borilardi. Balkim shu sabab ham doim u er suv quygandek jimjit bo`lgandir. Shevamizda juda chiroyli va ravon gapiradigan Nadejda opaning meni ko`rishlari bilan ko`zlari chaqnab ketardi. Odatda kitoblarni ham o`zi tanlab berardi. Koreys millatiga mansub bu ayol qachon borsam, o`g`liga «Alpomish»ni o`qib berayotgan bo`lardi. O`g`li o`ziga umuman o`xshamasdi, qorako`z, qoraqosh bola.

Maktabda bir gap eshitib qolib, hammasini tushundim.

— Oyi, Nadejda opa, bolasini asrab olgan, a? — dedim oyim bilan somsa tugayotib.

— Yo`q, — oyim men tomonga bir qaradi-yu yana xamirlarni bir tekis qilib yoyishda davom etdi.

— Maktabda eshitib keldim-ku, o`zlarining farzandi bo`lmagach, asrab olishgan ekan. O`shanda mahalladoshlari bolasiga o`yinchoqlar, kiyim-kechalar olib chiqib berishgan ekan, — dalillar keltirishga o`tdim.

Biroq oyim gapimni inobatga olmadi, yo`q, deya qat`iy aytdi-yu, boshqa bunaqa gap-so`zlarga uchmasligimni tayinladi. Endi tushunayapman, onam bu gap tildan-tilga o`tib, Hakimbekning qulog`iga etishini istamagan.

Yaqinda Hakimbekning to`yi bo`ldi. Nadejda opaga mehrim bo`lakcha bo`lgani uchun bolalarimga qaynonamdan qarab turishni iltimos qildim. Borsam, Nadejda opa adras ko`ylak kiyib olgan. Umr yo`ldoshi ham qo`llari ko`ksida mehmonlarni kutayapti. Hofiz milliy qo`shiqlarni kuylay boshlanganda, doim to`ylarda «Sizlardek o`ynay olmayman, azizlar», deya o`zini chetga tortadigan Nadejda opa shunday chiroyli hirom ayladiki, ko`z uzolmay qoldim.

— Uch oydan beri raqs to`garaklariga qatnashib o`rganibdi. O`g`limni uylantirsam, qudalarim bilan raqs tushishim kerak, deya, — dedi yonimda o`tirgan xola havas-la davraga qarab».

Shoira VAFOEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1