1

O`zbekistonlik 100 nafar san`atkor Tojikistonda!

Madaniyat 09.03.2018, 19:08
O`zbekistonlik 100 nafar san`atkor Tojikistonda!

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ayni paytda ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Tojikistonda bo`lib turibdi.

Bugun Dushanbe shahridagi «Qasri Millat» qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo`lib o`tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi. Marosimdan so`ng Shavkat Mirziyoev va Imomali Rahmon yakkama-yakka muzokara o`tkazdi.

Ikki tomonlama muzokaralardan so`ng erishilgan kelishuvlar bo`yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo`ldi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Do`stlik va yaxshi qo`shnilikni mustahkamlash to`g`risida qo`shma bayonot, O`zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi shartnomani imzoladilar.

Savdo, iqtisodiyot, investisiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo`jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi.

Oldinda yana bir qator oliy darajadagi tadbirlar bo`lib o`tishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tashrif doirasida biznes-forum va O`zbekiston milliy sanoat ko`rgazmasi, ikki mamlakat san`at ustalari ishtirokida konsert tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, O`zbekiston va Tojikiston san`at ustalarining «Do`stlik oqshomi» deb nomlangan konsert dasturi namoyish etiladi. Tojik ommaviy axborot vositalari xabariga ko`ra, konsert 9 mart kuni «Ko`hi Borbad» kinokonsert majmuasida bo`lib o`tadi. Konsertda o`zbekistonlik san`atkorlardan shuningdek, Yulduz Usmonova, Sherali Jo`raev, Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov chiqish qiladi.

Internetda o`zbekistonlik san`atkorlarning Tojikiston poytaxtiga etib borgani aks etgan video paydo bo`ldi. Ma`lumotlarga ko`ra, «O`zbekiston havo yo`llari» charter reysi orqali 6 mart kuni 100 dan ortiq o`zbek qo`shiqchilari, raqqoslari va musiqachilari Dushanbega etib borishdi.

Konsert dasturida Tojikiston tomondan 150ga yaqin qo`shiqchi, musiqachi va raqqoslar chiqishi rejalashtirilgan. O`zbek artistlari guruhida Yulduz Usmonova, Sherali Jo`raev, Farpux Zakirov, Ozodbek Nazarbekovlar bor. Tojikiston tomondan konsertda Davlatmand Xolov, Nigina Amonkulova va opera qo`shiqchisi Rustam Duloevlar ishtiroki nazarda tutilgan.

Ikki davlat rahbarlaridan tashqari bayramona tadbir tomoshabinlari qatoridan O`zbekiston rasmiy delegasiyasi a`zolari, Tojikiston hukumat va parlament a`zolari, jamoatchilik vakillari ham o`rin oladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1