Prezident Shavkat Mirziyoev Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi parlamentining Majlisi namoyandagon palatasi raisi Shukurjon Zuhurovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O`zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi o`zaro munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani, tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo`yicha yakdil kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Ayniqsa, davlat chegarasi bo`yicha shartnoma va fuqarolarning o`zaro qatnoviga qulaylik yaratishga oid bitim mamlakatlarimiz munosabatlari, xalqlarimizning do`stona aloqalariga zamin bo`lishi alohida ta`kidlandi. Avtomobil va temir yo`llarning ochilgani, Ishbilarmonlar kengashi tuzilgani ham bu borada muhim o`rin tutadi.
Oliy darajada imzolangan hujjatlarni ratifikasiya qilish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalariga to`talib o`tildi. Qonun chiqaruvchi organlardagi do`stlik guruhlari ishini faollashtirish, o`zaro tashriflar va tajriba almashinuvni ko`paytirish zarurligi qayd etildi.