Agar siz joylarda qonuniy manfaatlaringiz va haq-huquqlaringizning buzilishi hamda hal etilmayotgan hollar bilan to`qnash kelsangiz, bevosita O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etishingiz mumkin.
Portalda yo`lga qo`yilgan ushbu yangi xizmat ko`rib chiqish muddatlarini asossiz cho`zish, kreditlar va ko`rsatilayotgan boshqa bank xizmatlari tartiblarini buzish, banklar va tadbirkorlik sub`ektlari hamda mijozlar o`rtasidagi munosabatlarda yuzaga keladigan byurokratik to`siqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, mijozlarga qo`shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi nomiga yo`llanadigan ariza va shikoyatlarni (8 800) 200-00-44 (respublika bo`yicha qo`ng`iroq qilish bepul) ishonch telefon raqamlariga qo`ng`iroq qilgan holda bildirishingiz mumkin. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar beradi.
Har bir murojaat ro`yxatdan o`tkaziladi va nazoratga olinadi. Yuborilgan barcha murojaatlar bo`yicha tegishli choralar ko`riladi, takliflar esa tijorat banklarining faoliyatida e`tiborga olinadi. Tadbirkorlar va mijozlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzishda aybdor bo`lgan shaxslar javobgarlikka tortiladi.
Mazkur xizmat 2013 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag`ishlab joriy yilning 17 yanvarida Vazirlar Mahkamasida o`tkazilgan yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qo`yilgan vazifalarni bajarish maqsadida yaratilgan.