1

Prezident buyuk qozoq shoiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosini o`rganish bo`yicha qarorni imzoladi

Siyosat 13.03.2018, 17:20
Prezident buyuk qozoq shoiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosini o`rganish bo`yicha qarorni imzoladi

Bugun, 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoev buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilish to`g`risidagi qarorni imzoladi. Hujjat matni O`zA saytida berilgan.

Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi va jamoatchilik vakillarining xalqimizning qardosh Qozog`iston xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga, yorug` kelajagiga bo`lgan hurmati va ishonchining yorqin ifodasi sifatida yurtimizda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosi keng o`rganiladi va targ`ib qilinadi.

Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilishni tashkil qilish bo`yicha tashkiliy qo`mita tashkil etiladi.

Tashkiliy qo`mita bir oy muddatda Abay Qo`nonboev ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chikaradi. Ushbu chora-tadbirlar rejasida:

Abay Qo`nonboevning “Saylanma” asarini hamda “O`zbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar to`plamini nashrga tayyorlash va chop etish;

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va o`zbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozisiyani tashkil etish;

har yili shoir tug`ilgan 10 avgust sanasida Toshkent shahrida o`rnatilgan Abay Qo`nonboev haykali poyiga gul qo`yish marosimi va mushoira o`tkazish;

o`quvchi va talaba yoshlar o`rtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar ko`rik-tanlovini o`tkazish;

ommaviy axborot vositalarida Abay Qo`nonboev hayoti va ijodi haqida turkum ko`rsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib borish;

Abay Qo`nonboev hayoti va ijodi haqida yaratilgan badiiy va hujjatli filmlarni O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish;

mamlakatimizdagi oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o`rta ta`lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish tadbirlari ko`zda tutiladi.

O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga qaror ijrosi bilan bog`liq tadbirlarni keng yoritilib boriladi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1