Chirchiq, Samarqand, Qarshi, Urganch, Namangan shaharlarida joylashgan Mudofaa vazirligi tizimidagi serjantlar tayyorlash maktablari o`z faoliyatini to`xtatdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
2001 yilda tashkil etilgan hamda 3 va 9 oylik o`quv kurslaridan iborat bo`lgan serjantlar tayyorlash maktablari faoliyati 26 yo`nalish bo`yicha kichik komandirlarni tayyorlash va malakasini oshirishga yo`naltirilgan edi.
Qurolli Kuchlarimiz suyanchi va tayanchiga aylangan serjantlar tarkibi endi Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan Samarqand oliy harbiy avtomobil qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti o`rnida tashkil etilgan Samarqand shahridagi kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida tayyorlanadi.
Mazkur ta`lim muassasasida 6 oy davomida 11 yo`nalish, ya`ni muhandislik, avtomobil xizmati, radiasion, kimyoviy va biologik himoya, aloqa, frontorti ta`minoti, zirhli texnikalarga xizmat ko`rsatish, artilleriya va quruqlikdagi qo`shinlarning havo hujumidan mudofaa bo`linmalari, radioelektron razvedka kabi yo`nalishlar bo`yicha kichik mutaxassislar tayyorlanadi. Ta`lim yakunida harbiy xizmatchilarga kichik serjant unvoni beriladi.
Markazning 3 oylik qayta tayyorlov o`quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan harbiy xizmatchilarga esa serjant va katta serjant unvonlari beriladi.






