AsosiyJamiyat

Yana dabdabali to`ylar haqida

'Yana dabdabali to`ylar haqida'ning rasmi

Yaqinda internet saytlarida Hindistonning Aurangabad shahrida o`z qizining to`yiga sovg`a sifatida 90 nafar uysizga turar joy binosi taqdim qilgan tadbirkor xaqida xabar berildi. G`alla va to`qimachilik mahsulotlari bilan savdo qiluvchi Adjay Manot o`ziga tegishli mulk bo`lmish erga uy solib, uni uysizlarga bergan. Yangi uy egalarini tadbirkorning shaxsan o`zi tanlab olgan. Kambag`allarga berilgan uy hashamatli emas, atigi 25 m² bo`lib, ikkita derazasi va ikkita eshigi bor. Elektr bilan ta`minlangan.

O`tgan yili o`zbek saytlarida chimkentlik Dariya va Erkebulan Joldasovlar dabdabali to`y marosimi o`rniga 300 kishilik osh tarqatgani xaqida ma`lumot berildi. Ulardan avval esa Chimkentda Meirman va Saniya Sauranbeklar bolalarni moslashtirish markazida to`y o`tkazganlari haqida shov-shuvli xabar tarqatilgan edi.

Bizda-chi? Kelin-kuyovlarning Mehribonlik uylariga borib, ko`ngli yarimlarni xursand qilgani haqida hozircha xabar o`qimadik. Saytlarimiz limuzin-u, JIPlarda shahar aylanayotganlar, parklarda suratga tushayotganlar, to`ylariga bir nechtalab xonandalarni taklif qilayotganlar haqida yozmoqda. Bitta xonandaga berilgan pulga Mehribonlik uyida tarbiyalanayotganlarning hammasiga tort sovg`a qilish mumkin-ku. Bitta limuzin puliga bolalarga muzqaymoq yoki konfetlar tortiq qilish mumkinmas-mi?!

So`nggi 10 yillar maboynida shaharliklar ertalabki oshlarni restaron va kafelarda berib, kechki ziyofatlarni ham uylarda yoki mahalla to`yxonalarida o`tkazmayapti. Bu ham davrimizning tinchligi va to`kin-sochinlikdan dalolat bermoqda. Toshkentda bir-biridan ko`rkam restoran va kafe, to`yxonalarning qurilayotgani ham tinch zamonamizning bizga bergan tuxfasidir.

Birok to`qlikka sho`xlik xollari ham kuzatilmokda. Endi kim o`zarga nafaqat to`ylar, balki motam marosimlari ham o`tkazilmokda. Yaqinda hamkasblarimdan biri “yuring bir do`stimning otasiga qilayotgan yil oshisiga borib kelaylik”, degan taklifiga, “axir men u kishini o`zini ham, otasini ham tanimayman-ku”, dedim. Mening bu e`tirozimga, “do`stim, qancha ko`p hamkasbingizni olib kelsangiz shuncha hursand bo`laman, deb aytgan edi”, degan javobni oldim. Ko`ngli qolmasin deb Yil oshiga bordik. Tumonat odam. O`lgan otasi ortidan obro` olishni maqsad qilib qo`ygani shundoq ko`rinib turibdi. Nimaga kerak shuncha dabdaba? Otasini hurmat qilar ekan, qishloqda tanish-bilishlari ishtirokida shu marosimni o`tkazib qo`ysa yaxshi emasmidi? Otasining hurmati uchun Toshkentda osh bermasa unga hech kim ta`nayu dashnom bermasdiku?

Bir vaqtlar kelin-kuyovning to`yiga kamsonli qariyalar taklif qilinardi. Hozir kamida 200 kishi kelmasa to`y go`yo o`tmagan hisoblanadi. Nima uchundir osh kelin tarafidan berilmoqda. Qalin pulini katta bergan kuyovning otasi 200 dan ortiq hamrohi bilan oshga bormoqda. “Baraka topgur boruvchilarni sal kamaytiring, mard bo`lsangiz ularni uyingizda mehmon qiling” degan odam yo`q.

Bundan bir necha yil avval yaqin qarindoshim o`g`il uylantirdi. Uyida 100 kishilik dasturxon yozdi. Ertasi kuni kelinnikiga esa 100 kishi bilan bordi. Yaxshi tomoni uyiga chaqirganlarni qudanikiga olib bormadi. To`y juda ixcham o`tdi. Hozir kelin-kuyov juda ham baxtli, qudalar esa ahil.

Yana bir tanishim bor. Bozorda tirikchilik qiladi. Katta o`g`lini uylantirganida yuz kishi (bir kishi ham ortiq emas) bilan kelinnikiga oshga bordi. Amru-ma`ruf chog`ida domla 200 kishi bilan oshga keluvchi qudalarni tanqid qilib, sal og`iroq gapirib yuboribdi. Nafsoniyatiga tegib ketgani bois qudalar bir qoshiq ham osh emasdan, duo qilib turib ketishdi. O`shanda tanishim, “Xudo xohlasa ikkinchi o`g`limni uylantirganimda o`zim osh beraman”, deb o`ziga o`zi va`da beribdi. Haqiqatdan ham ikkinchi o`g`lining uylanishida o`zi osh berdi. To`g`rirog`i, har ikki qudasiga og`irligi tushmadi. Farzandlari baxtli. Bu kabi mard insonlar haqida ko`proq yozish kerak.

Bir vaqtlar artistlarning, to`g`rirog`i karnay-surnaychilarning vaqtiga qarab to`y qilinardi. Keyinchalik videochilarning qovoq-tumshig`iga qaraladigan bo`ldi. Bugun esa dabdabali restoranlar “qachon bo`sh bo`lar ekan” deb navbat kutilmoqda. Yoshlar oddiy kafelarda to`y qilgisi kelmay qoldi.

Bir vaqtlar beshik to`ylari o`n-o`n besh nafar xotin-xalaj ishtirokida o`tkazilardi. Endi beshik to`ylari ham uylardan restoranlarga ko`chdi. Oddiy to`ylardan farqi qolmayapti. Bir tomondan to`ylar ixchamlashib bormokda va shu bilan birga juda ham dabdabali bo`lmokda.

O`zbek kelinining evropacha yarim-yalong`och kiyinayotgani haqida ko`p yozildi. Ayniqsa, prokatga olinayotgan kelinlik libosi ancha munozaralarga sabab bo`ldi. Biroq bu an`ana davom etmoqda. Yarim-yalang`och kelinlik libosi qo`ldan-qo`lga o`tsa-da, katta mablag`lar evaziga vaqtincha ijaraga olinadi. Mutaxassislar prokatga olinadigan libos ham kissaga, ham sog`liqqa zarar ekanligini aytishadi. Bir marta kiyiladigan libosga ketayotgan mablag`ga boshqa narsa olsa bo`lmasmikin?!

Hozir biror bir taklif berishga ham odam qo`rqib qoldi. Masalan, bir vaqtlar “kelinlar hayit qilmasin. Hayitga sarflanadigan mablag`ga televizor, kompyuter olib berish kerak”, degan taklif berilgan edi. Avvaliga bu taklif hammaga yoqib qoldi va hayit qilmaslik evaziga ro`zg`ordagi kamchilik to`g`irlab olinayotgan edi. Biroq bu an`ana bir zumda isloh qilindi. Endi kelin ham hayit qilmokda va ham tog`oralar qatorida, albatta, televizor yoki kompyuter yangi kelinga sovg`a qilinmokda. Eng katta fojia kuyov bolalar ham qaynonasidan keladigan sovg`alarni uyalmay kutishga o`rganib qolayotgani namoyon bo`lmokda. Mana shu illatga yigitlarimiz o`rganib qolmasligi uchun ularning yigit ekanligini tez-tez eslatib turish kerakka o`xshaydi.

O`z.A

    Boshqa yangiliklar