AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Latviya Respublikasi rahbarini qabul qildi

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinsh 27 may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

O`zAning xabar berishicha, tashrifning asosiy tadbirlari 28 may kuni bo`lib o`tdi. Ko`ksaroy qarorgohida Latviya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo`ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Andris Berzinsh shohsupaga ko`tarildilar. O`zbekiston va Latviyaning davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o`tdilar.

Prezidentlar tor doiradagi suhbat chog`ida o`zaro hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Islom Karimov O`zbekiston bilan Latviyani ko`p yillik hamkorlik va mustahkam do`stlik rishtalari bog`lab turishini, ushbu tashrif mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar izchilligining yana bir ifodasi ekanini ta`kidladi.

– Mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar mustaqillik yillarida shakllangan o`zaro manfaatli hamkorlikning ijobiy tajribasiga tayanadi.  Latviya delegasiyasining ushbu tashrifi o`zaro hurmat va teng huquqlilikka asoslangan sheriklik munosabatlarimiz rivojida muhim voqea, oliy darajadagi doimiy siyosiy muloqotlarning mantiqiy davomidir, – dedi O`zbekiston rahbari.

Andris Berzinsh Latviya O`zbekistonga ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, vaqt sinovidan o`tgan ishonchli hamkor sifatida qarashini qayd etdi.

– Davlatlarimiz o`rtasidagi aloqalar keng ko`lamli va mustahkam. Prezident Islom Karimovning bu boradagi xizmatlarini, o`zaro hamkorligimiz va xalqaro hayotda ro`y berayotgan jarayonlarga oid qarashlarini yuksak qadrlaymiz, – dedi Latviya Prezidenti.  

O`zbekiston bilan Latviya o`rtasidagi munosabatlar mustahkam huquqiy asosga ega. 1992 yilda O`zbekiston va Latviya o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganidan buyon o`zaro hamkorlikning deyarli barcha sohalariga oid qirqdan ortiq davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo shartnoma va bitimlar imzolangan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013 yil oktyabr oyida Latviyaga davlat tashrifi o`zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tardi. Mazkur tashrif chog`ida sog`liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport va yuklar tranziti, savdo aloqalarini kengaytirish, turizm va investisiyaviy hamkorlikka oid qator hujjatlar imzolandi.

Parlamentlararo hamkorlik qonun ijodkorligi borasida yaxshi samara bermoqda. 2010 yilda Latviya Seymida ta`sis etilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo`yicha guruh hamda 2012 yilda O`zbekiston parlamentida tashkil qilingan Latviya Seymi bilan hamkorlik bo`yicha guruh o`zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ikki mamlakat ichki ishlar va tashqi siyosat mahkamalari o`rtasida konstruktiv maslahatlashuvlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegasiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Unda davlatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalarga alohida e`tibor qaratildi.

O`zbekiston va Latviya o`rtasidagi masofa ancha uzoqligiga qaramay, ko`plab sohalarda yaqin hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Iqtisodiyot, savdo va sanoat sohalarida eng ko`p qulaylik yaratish tizimi joriy etilgan. Investisiyalarni rag`batlantirish va himoya qilish, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olishga oid kelishuvlar amal qilmoqda.

Latviya O`zbekistonning Evropa Ittifoqidagi yirik savdo hamkorlaridan biridir. O`zbekiston Latviyaga yuqori sifatli paxta tolasi, meva-sabzavotlar, qayta ishlangan neft mahsulotlari, mineral o`g`itlar, rangli metall va boshqa tovarlar eksport qiladi. Latviya mamlakatimizga uskunalar, transport vositalari, dengiz mahsulotlari, plastmassa etkazib beradi, logistika xizmati ko`rsatadi. 2013 yil yakunlariga ko`ra, o`zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 250 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Joriy yilning aprel oyida Riga shahrida O`zbekiston savdo uyi ochildi. Savdo uyiga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan engil sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari, quritilgan mevalar etkazib berilmoqda. O`tgan qisqa vaqt mobaynida mazkur savdo uyi orqali qiymati 30 million AQSh dollaridan ziyod shartnomalar tuzilgan.

Yuqori darajadagi uchrashuv va muloqotlar, biznes-forumlar munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, joriy yilning 16-17 aprel kunlari Latviya poytaxtida o`tkazilgan Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya yig`ilishi hamda ishbilarmon doiralarning qo`shma biznes-forumi savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlanishida yana bir muhim qadam bo`ldi.

O`zaro investisiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O`tgan yilning kuzida mamlakatlarimiz hamkorligida 343 qo`shma korxona faoliyat yuritgan bo`lsa, bugungi kunda ularning soni 392 taga etgan.

Transport sohasi O`zbekiston va Latviya hamkorligining ustuvor yo`nalishlaridan. Ikki mamlakat Evroosiyo tranzit yo`lagining muhim qismlarini tashkil etadi. O`zbekistonning tashqi savdo yuklari Evropa davlatlariga Latviya portlari orqali etkazib berilmoqda. 2013 yilda temir yo`l yuklari tashish hajmi 146 ming tonnadan oshgan. Mamlakatlarimiz  mintaqaviy va jahon bozorlariga chiqish maqsadida amaldagi transport yo`laklari raqobatbardoshligini oshirish, buning uchun mavjud tranzit salohiyatidan yanada kengroq foydalanishga alohida ahamiyat qaratmoqda.

Milliy aviakompaniyalar o`rtasidagi aloqalar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo`shmoqda. O`n yil oldin yo`lga qo`yilgan Toshkent – Riga – Nyu-York hamda Nyu-York – Riga – Toshkent aviaqatnovi mamlakatlarimizni bog`lab turibdi.

Davlat rahbarlari O`zbekiston Respublikasi va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini bildirdilar. Islom Karimov Latviya Respublikasiga 2015 yilning birinchi yarmida Evropa Ittifoqiga raislik qilishda muvaffaqiyat tilab, Markaziy Osiyo mavzusi Latviya raisligining ustuvor yo`nalishlari qatoriga kiritilganini yuqori baholadi.

Muzokaralar chog`ida terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashishga oid masalalarga alohida e`tibor qaratildi. Bu sohada 2002 yilda imzolangan Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda hamkorlikka oid bitimga muvofiq tuzilgan O`zbekiston – Latviya qo`shma komissiyasi muhim o`rin tutayotgani ta`kidlandi.

Prezidentlar mintaqada barqarorlik va xavfsizlik ta`minlanishidan, Afg`onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyatning qo`llab-quvvatlashi va ko`magida tartibga solinishidan manfaatdor ekanliklarini ta`kidladilar. Latviya tomoni O`zbekistonning Afg`onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash borasidagi sa`y-harakatlarini yuksak baholaydi.

O`zbekiston va Latviya qishloq xo`jaligi, fan, ta`lim va sog`liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik bo`yicha ham ulkan salohiyatga ega. Ikki mamlakat vakillari va ishbilarmon doiralarining doimiy aloqalari samarasida bu sohalarda ko`plab qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikka katta qiziqish bilan qaraydi. Latviyada Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz kabi qadimiy va navqiron shaharlarimizni kelib ko`rishni xohlovchilar ko`p. Mamlakatimizdan Boltiqbo`yidagi dam olish maskanlariga boruvchilar safi ham yil sayin kengayib bormoqda. Sohaga ishbilarmonlarni jalb etish, sayohatchilarga yanada qulaylik yaratish ikki tomon uchun ham foydalidir. 

Madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2004 yilda Riga shahrida buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug`bek, 2006 yilda mashhur alloma Abu Ali ibn Sino haykallari o`rnatilishi latviyaliklarning xalqimizga, ulug` ajdodlarimizga va boy merosimizga yuksak hurmat-ehtiromining yaqqol ifodasi bo`ldi.

Toshkent va Riga birodarlashgan shaharlar. Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik Katta teatri hamda Latviya milliy operasi o`rtasida ijodiy hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Ikki mamlakatning folklor jamoalari, foto va tasviriy san`at ustalari O`zbekiston va Latviyada o`tkazilayotgan turli madaniy tadbirlarda ishtirok etmoqda. Latviya san`atkorlari Samarqandda o`tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida muntazam qatnashib keladi. 

Ta`lim sohasi hamkorlikning muhim yo`nalishlaridandir. Latviyada 370 nafardan ortiq o`zbekistonlik yigit-qiz tahsil olmoqda. Texnika va muhandislik ixtisosliklari bo`yicha malakali kadrlar tayyorlash borasida qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu aloqalar O`zbekiston Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Latviya Ta`lim va ilm-fan vazirligi o`rtasida imzolangan Ta`lim sohasida hamkorlik to`g`risidagi bitim doirasida izchil rivojlanmoqda.

Davlat rahbarlari atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muammolarni hal etish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta`kidladilar.

Tomonlar Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv resurslaridan xalqaro huquqning umume`tirof etilgan normalari, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transchegaraviy ochiq suv oqimlari va xalqaro ko`llarni muhofaza qilish hamda foydalanish bo`yicha konvensiyasi (1992 yil, Xelsinki), Xalqaro ochiq suv oqimlaridan kemalar qatnamaydigan turda foydalanish huquqi to`g`risidagi konvensiyasidan (1997 yil, Nyu-York) kelib chiqib, mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olgan holda, oqilona va adolatli foydalanish lozimligini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari mintaqaning transchegaraviy daryolarida yirik gidroenergetika inshootlarini qurish ularning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizlikka ta`siri bo`yicha majburiy ob`ektiv xalqaro ekspertiza o`tkazilganidan so`nggina amalga oshirilishi zarurligi haqidagi Evropa Ittifoqi pozisiyasini qo`llab-quvvatladilar.

Ko`ksaroy qarorgohidagi muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning Qo`shma bayonoti qabul qilindi.

Shuningdek, Diplomatik pasport egalarining o`zaro vizasiz safarlari to`g`risidagi hukumatlararo bitim, Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida hamkorlik haqidagi memorandum, 2014-2016 yillarga mo`ljallangan Madaniy hamkorlik dasturiga oid hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari muzokaralar o`zaro ishonch va ishchanlik ruhida o`tganini,  erishilgan kelishuvlar O`zbekiston – Latviya munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta`kidladilar. Tomonlar ko`rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan yondashuv va pozisiyalari o`xshash va yaqin ekanligini qayd etdi.

Davlat rahbarlari bunday muloqotlarni izchil davom ettirish, barcha sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini bildirdi.

Kunning ikkinchi yarmida Andris Berzinsh O`zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralari vakillarining biznes-forumida ishtirok etdi.

Oliy martabali mehmon O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo`lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo`ydi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizning bosh maydonida amalga oshirilgan keng ko`lamli bunyodkorlik ishlariga yuksak baho berdi.

Latviya rahbari Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo`lib, Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi noyob eksponatlarni tomosha qildi.

Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning O`zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar