Er yuzida, har daqiqada, har soniyada yaxshiliklar yuz beradi...

Mutolaa 16.03.2018, 11:05
Er yuzida, har daqiqada, har soniyada yaxshiliklar yuz beradi...

Er yuzida, har daqiqada, har soniyada yaxshiliklar yuz beradi. Ishoning! Katta-kichik yaxshiliklar zamirida esa insonning insonga bo`lgan mehr-muhabbati yotadi. Bugun ana shunday hayotiy voqealardan bir nechtasini e`tiboringizga havola etamiz.

Ko`ngilli sartarosh

Nazir Subxon hali yigirma etti yoshda. U qo`li gul sartarosh. Nufuzli go`zallik salonlaridan birida ishlaydi. Olti kun davomida uning qabuliga kirish uchun navbat kutadigan mijozlari talaygina. «Qo`li engil yigit-da», deyishadi u haqda. «Xushmuomalaligini aytmaysizmi?» deya bosh barmoqlari bilan zo`r so`ziga ishora berishadi. Nazir dam olish kunlarini bekor o`tkazmaydi. Ishida davom etadi. Mijozlari ko`pligi, daromadini oshirish uchun emas. U shahar bo`ylab aylanadi. Va uysiz odamlarning sochlarini yo`l-yo`lakay kesib, tartibga keltiradi. Sariq chaqa ham olmasdan. Eng e`tiroflisi esa, ishi davomida ular bilan suhbatlashadi. Tushkun, umidsiz, o`zlarini chorasiz sezadigan kishilarga «Yangidan hayot boshlash uchun hech qachon kech emas!» esa uqtirishni kanda qilmaydi.

«Barsa»ning muxlisi

«Ahdu-paymon qilgan insonim «Barselona»ning ashaddiy muxlisi edi. Gohida uni kelajagimizdan ko`ra ko`proq navbatdagi o`yinda sevimli jamoasining yutishi qiziqtiradi, deya xafa bo`lardim. Tag`in o`yin bor kunlari dunyoni unutardi. O`tgan yili «Barselona» ishtirokidagi o`yinga borishni juda istadi. Ammo imkoniyati bo`lmadi. Shunda xayolimga ajoyib fikr keldi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali o`yin o`tkaziladigan shaharda yashovchi kishilarni izlashga tushdim. Naq yigirma kishiga do`stlik taklifini jo`natdim. Ularning aksariyati ommaviy axborot vositalarida ishlar, ba`zilari esa futbol klubida edi. Do`stligimni qabul qilishsa-qilishmasa, xabar yozib qoldirdim — «Menga «Barselona» futbol jamoasidagi biror o`yinchining falon nomli kishiga atalgan dasxati zarur», deya. O`zingizga ma`lum, millionlar o`yinining ishtirokchilarini, ayniqsa, ular dunyo tan olgan futbolchilar bo`lsa, qattiq qo`riqlashadi. Bu ma`lumot meni cho`chitolmas, umidim katta edi. O`yin o`tdi va... kutganim ro`y berdi! «Barselona» futbol klubi o`yinchilari joylashgan mehmonxona xizmatchisi yigitimnnig nomiga yozilgan, Tiago Alkantarning dasxatini menga jo`natdi...

Endi nafaqat men, sevgan insonim ham kimgadir ana shunday quvonchli mo``jizalar taqdim etish ishtiyoqida yonayapmiz...»

O`qituvchining yana bir himmati

Bri bolaligidan o`qituvchi bo`lishni istardi. Bolalar — uning joni dili edi. Muhimi, u bolalardek mo``jizalarga ishonuvchan va beg`ubor. Avstraliyalik bu o`qituvchi «Millioner bo`lishni istaysanmi?»ga o`xshash tele-shouda ishtirok etdi va naq 20 ming dollar yutib oldi. Sizningcha, u pullarni nimaga sarfladi? Asab va sabr talab etadigan ishidan dam olish uchun chiroyli maskanlarga borishgami — yo`q! Balkim so`nggi rusumdagi avtomobil sotib oldi, deya o`ylayotgandirsiz — adashasiz. Bolajon o`qituvchi maktabidagi barcha o`quvchilarga yangi oyoq kiyim sovg`a qildi!

Beminnat xizmat

Debbi Sardonning xayoliga yaxshilikka yo`g`rilgan bu fikr bir qo`ng`iroq sabab keldi. Uy tozalash xizmatlarini ko`rsatuvchi firmaga qo`ng`iroq qilgan ayol endi ularning xizmatiga murojaat etolmasligini aytdi. Sababi — u saratonga chalingan edi. Ortiqcha xarajat qilish imkoni cheklangandi. Qarangki, bu firma faqat pul topish uchun ochilmagandi. Insonlarning og`irini engillashtirish edi ularning asl maqsadi. Shu niyatda saratonga chalingan ayollarni topib, ularga bepul xizmat qilishni yo`lga qo`yishdi. Natijada qanchadan-qancha ayollarning ko`nglini shod etishdi.

Yangi dugona

«Nihoyat qo`rqqanim oldimga chiqdi — ishdan bo`shatishdi. Shuncha urinishlarim havoga sovrildi. Bugun oxirgi ish kunim ekanligini aytishganida kelajak umidlarim bog`langan ofisga sig`may qoldim. Lekin nachora, soat oltigacha chidashim kerak. Ish vaqti tugashiga oz qolganida dardu hol qilish uchun yaqin dugonamga qo`ng`iroq qildim. Go`shak ko`tarilishi hamon u bilan salomlashdim-u yig`lab so`z boshladim. Endi ishim yo`qligi, qarzlarim ko`pligi, qaysi devorga boshimni urishni bilmayotganimni ayta ketdim. U esa meni yupatar, hali hammasi yaxshi bo`ladi, deya takrorlardi. Uchrashishga kelishib, go`shakni joyiga qo`ydim-u birdan esimga keldi — axir hozir qo`ng`iroq qilgan raqamlarim dugonamning eski ishxonasiniki-u. Nahot meni tanimaydigan ayol xuddi dugonamdek menga g`amxo`rlik qildi va hatto ertaga, kel, boshlig`imiz qabuliga birga kiramiz, dedi...»

Shoira VAFOEVA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1