AsosiyJamiyat

Toshkentning ettita markaziy hududida yangi ko`p qavatli avtoturargohlar joylashtirish taklifi ishlab chiqildi

Avtoulovlarning ortib borishi ular uchun zamonaviy va qulay avtoturargohlar qurishni talab etadi. Bugungi kunda bosqichma-bosqich shahrimizning aholi zich joylashgan turar joy mavzelarida keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda. Eski avtotransport saqlash qurilmalari (garajlar, temir garajlar) o`rnida sport va bolalar maydonchalari barpo etilmoqda.

Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, shahrimizning bir qancha hududlarida ko`p qavatli avtoturargohlar qurilishi inobatga olingan bo`lib, hozirda loyiha ishlari boshlab yuborilgan.

Jumladan, tez fursatda Chilonzor tumanidagi «Chilonzor buyum bozori» ro`parasida 540 o`rinli, Shimoliy va Janubiy vokzallarning har ikkalasi yonida 530 o`rinli, Mirzo Ulug`bek tumanidagi «Sayohat» mehmonxonasi yonida 320 o`rinli hamda Toshkent aeroporti atrofida 760 avtomobilga mo`ljallangan ko`p qavatli avtoturargohlar qurilib, foydalanishga topshiriladi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimiyati.

Bularga qo`shimcha ravishda Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrining yana ettita markaziy hududida ko`p qavatli avtoturargohlarni joylashtirish taklif sxemasi ishlab chiqilgan. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda qurilayotgan, loyihalashtirilayotgan hamda taklif etilayotgan manzillardagi avtoturargohlar, mo``jaz va shinam parkovkalar foydalanishga topshirilsa, zamonaviy avtotransport saqlash joylari ko`payib, transport vositalari egalari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

    Boshqa yangiliklar