2018-yil 15-mart kuni Vena shahrida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Doimiy kengashi a`zolari 26-27-mart kunlari Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan Afg`oniston bo`yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaning asosiy mazmuni bilan tanishdilar. Bu haqda Jahon axborot agentligi saytida xabar berildi.
O`zbekistonning EXHT va Vena shahridagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasi rahbari Sherzod Asadovning ma`ruzasida ta`kidlanganidek, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan xalqaro konferensiya Afg`onistonda tinchlik o`rnatish, uning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratish, afg`on xalqining farovonligini oshirish va uning mintaqa va butun dunyodagi ijobiy jarayonlarga jalb qilinishini ta`minlashda muhim qadam bo`lishi kerak.
Afg`oniston, Qirg`iziston, Qozog`iston, Tojikiston va Rossiyaning diplomatik vakolatxona rahbarlari o`z nutqlarida Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya o`tkazilishini qo`llab-quvvatladilar. Xorijiy hamkorlar O`zbekiston tomoniga yuqori darajadagi Toshkent forumini tashkillashtirish tashabbusi uchun minnatdorchilik izhor qilib, uning muvaffaqiyatli o`tkazilishiga ishonch bildirdilar.
EXHTga raislik qiluvchi mamlakat bo`lgan Italiya vakili Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya natijalari yuzasidan tashkilot doirasida alohida tadbir o`tkazishni taklif qildi.
EXHTning Doimiy kengashi yig`ilishida tashkilot rahbariyati, 60 ga yaqin elchilar, ishtirokchi va hamkor mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari qatnashdilar.
Yig`ilish yakuniga ko`ra O`zbekiston tomonining ma`ruzasi EXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.






