AsosiySiyosat

Senat Kengashi yangi tangalar namunalari va dizaynini ma`qulladi

'Senat Kengashi yangi tangalar namunalari va dizaynini ma`qulladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to`g`risida axborot

2018 yil 17 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo`ldoshev olib bordi.

Kengash O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisini joriy yilning 29 mart kuni Toshkent shahrida chaqirish to`g`risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga O`zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar kiritilmoqda.

“Davlat mukofotlari to`g`risida”gi (yangi tahriri), “Jamoatchilik nazorati to`g`risida”gi, “Davlat xaridlari to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to`g`risida”gi, “O`rmon to`g`risida”gi (yangi tahriri), “O`zbekiston Respublikasi uy-joy-kommunal xizmati sohasi xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi, “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo`yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikasiya qilish to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasining bir qancha qonunlarini ko`rib chiqadi.

Shuningdek, senatorlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsman) 2017 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotni, O`zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017 yilda huquqiy targ`ibot va ma`rifatning holati haqidagi axborotini eshitadi hamda to`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqadi.

Yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko`rib chiqiladi.

O`n to`rtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish yuzasidan Oliy Majlis Senati qo`mitalari va devoni faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.

Shu bilan bir qatorda, Kengash a`zolari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 50 (ellik), 100 (yuz), 200 (ikki yuz) va 500 (besh yuz) so`mlik tangalar chiqarish to`g`risidagi taklifi, ularning namunalari va dizayni ko`rib chiqildi va ma`qullandi.

Senat Kengashi o`z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko`rib chiqdi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati

    Boshqa yangiliklar