Rossiya Federasiyasida mazkur yirik siyosiy tadbir munosabati bilan tashkil etilgan 97 mingdan ziyod saylov uchastkasida (ulardan 400 tasi chet davlatlarida tashkil etilgan) rossiyalik saylovchilar o`z nomzodlariga ovoz bermoqda.
Saylov jarayonlarining shaffofligini ta`minlash maqsadida Rossiya Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan saylovchilarga ko`plab innovasiyalar taklif qilingan.
Xususan, rossiyalik saylovchilar davlat xizmatlari portalining “mobil saylovchi” xizmati orqali o`ziga qulay bo`lgan saylov uchastkasida ovoz berish imkoniga ega.
Rossiya Federasiyasi Aloqa va ommaviy kommunikasiyalar vazirligi ma`lumotiga ko`ra rossiyalik saylovchilarning 1,6 millionga yaqini ayni shu xizmatdan foydalangan.
Shu bilan birga saylov uchastkalarida o`rnatilgan 46 mingdan ziyod videokameralar orqali ham saylov jarayonlarini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Eslatib o`tamiz, Rossiya Prezidentlikka nomzodlar sakkiz nafar. Bular amaldagi Prezident Vladimir Putin, “Rosssiya umumxalq ittifoqi”dan Sergey Baburin, Rossiya Kommunistik partiyasidan Pavel Grudinin, Rossiya Liberal demokratik partiyasidan Vladimir Jirinovskiy, “Fuqarolik tashabbusi”dan Kseniya Sobchak, “Rossiya kommunistlari”dan Maksim Suraykin, O`sish partiyasidan Boris Titov va “Yabloka”dan Grigoriy Yavlinskiydir.
18.03.2018 20:47
Bugun Rossiyada Prezidentlik saylovlari o`tkazilmoqda






