Namanganda bu yil Navro`z bayrami har safargidan-da ko`tarinki ruhda boshlandi. Avval ma`lum qilinganidek, 5 tonnalik sumalak tayyorlanishi haqidagi xabar nafaqat namanganliklar, balki mamlakatimiz viloyatlari ahli e`tiborini Namangan Navro`ziga qaratdi, deb yozadi O`zA.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tayyorlangan og`irligi 3 tonnalik doshqozon va o`choqning karnay-surnay sadolari ostida keltirilishi va o`rnatish jarayonlari ham katta shodiyonaga aylandi. Qozon shaharliklar va viloyat mehmonlari uchun asosiy Navro`z sayilgohlaridan biri bo`lgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`iga o`rnatildi.
19 mart kuni soat 20.00 da Navro`z tarixidagi ilk eng ko`p miqdordagi sumalak masalliqlari qozonga solindi.

– Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Navro`zni azaliy an`analarimizga xos xalq sayli tarzida nishonlashga katta e`tibor qaratilayotgani butun xalqimiz dilidagi ish bo`lmoqda, – deydi Nodira nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari, sumalakni pishirishga mas`ul pazanda Mavluda opa Jo`raboeva. – Bundan ilhomlangan yurtdoshlarimizning ko`p miqdorda sumalak tayyorlash borasidagi tashabbusida ham bu o`zining yorqin ifodasini topayotir.
M.Jo`raboevaning so`zlariga ko`ra, – Sumalak pishirishga tayyorgarlik 24 fevral kunidan boshlandi. Uni pishirishga o`ziga xos tanlov asosida 25 nafar tajribali sumalakchi ayol tanlab olindi, – deydi M.Jo`raboeva. – Yuz nafardan ziyod pazanda ayol qatnashgan tanlovning asosiy sharti shu bo`ldiki, ulardan mahalla-ko`yda o`zlari tayyorlagan sumalakdan bir piyoladan olib kelish so`raldi va eng sifatli sumalak mualliflari saralab olindi. 
Tayyorgarlik jarayonida 1,1 tonna bug`doy tozalandi va yuvildi, 2,5 tonna un elakdan o`tkazildi. Bu jarayonlarda 300 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi. Yuvilgan bug`doy maxsus tayyorlangan va umumiy yuzasi 112 kvadrat metrdan ko`proq bo`lgan 50 xontaxtaga undirgani qo`yildi. Sumalak pishirishga jalb etilgan 25 nafar ayolning tunu kun navbatchiligi tashkil qilindi. Chunki bug`doyga ob-havoga qarab har uch soatda suv sepib turish, unish sur`atini boshqarib turish kerak. Aks holda bug`doy belgilangan kunga zarur darajada unmay qolsa reja barbod bo`lganidek, muddatidan avval me`yoridan ortiq o`sib ketgan bug`doy maysasidan tayyorlangan sumalak taxir bo`lib qoladi. Maysani parvarishlash jarayonida otinoyilar tomonidan xatmi qur`on o`qildi, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dehqonchiliklarimizga baraka, ezgu ishlarimizga rivoj tilab, duoyu salovotlar bilan suv sepib turildi.
Ajib bir hikmatni qarang-ki, qiymalagichdan chiqarilgan 5,2 ming litr bug`doy shirasi mustaqilligimizning yigirma etti yilligiga ramziy ishora sifatida katta qozon atrofiga joylashtirilgan 27 doshqozonga jo bo`ldi. 
Yuqoridagi masalliqlardan tashqari yana 250 litr o`simlik moyi va 2,4 ming litr suv ishlatilgan va daryodan maxsus terib kelib yuvib-qaynatib tozalangan tosh solingan sumalak 24 soat qaynadi. Tun bo`yi o`choqboshi laparlar, yor-yorlar, ezgu tilaklar, xolis niyatlar bilan fayziyob bo`ldi. Nihoyat 21 mart – Navro`z tongida obdon dam edirish uchun o`rab qo`yilgan qozon o`ramasi ochildi. Borliqni tansiq va yoqimli, sog`inilgan sumalak bo`yi tutib, ko`klam nafasiga qorishib ketdi.
Bog`da jarchining ovozi yangradi: “Odamlaru odamlar, tog`da bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar, keyin pushmon emanglar e-he-e-y!..” Shunday ham tun bo`yi odam arimagan sayilgoh to`rt tomondan oqib kela boshlagan yurtdoshlarimiz bilan bir pasda gavjum bo`ldi. Nevarasini etaklab olgan buvayu buvilar, baxtiyor yosh ota-onalar, o`ktam yigit-qizlar, barcha-barchaning yuz-ko`zida bayramona kayfiyat jilvalanadi.
Navro`z sayli sumalak tarqatish bilan boshlandi. 
– Sumalakning uchdan bir qismi viloyatdagi Mehribonlik, Saxovat uylari, shifoxonalar va kam ta`minlangan oilalarga etkaziladi, – deydi mega-sumalak tayyorlash g`oyasi tashabbuskori, “Namangan kitob olami” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari, shahar kengashi deputati Ma`rufjon Mo`minov. – Bundan tashqari, sayilga kelgan yurtdoshlarimiz, viloyatimiz mehmonlari ham ezgu niyatlar bilan tayyorlangan bahor taomidan bahramand bo`lishadi. Ularga shu maqsadda tayyorlab qo`yilgan 15 mingdan ziyod bir martalik idishlarda sumalak tarqatiladi.
Ha, viloyatning tumanlari, olis qishloq va mahallalarida boshlangan Navro`z sayli shukuhi bugun viloyat markazidagi madaniyat va istirohat bog`ida avj pardasida yangradi. Bu erda shaharning barcha mahalla fuqarolar yig`inlari, ta`lim-tarbiya, madaniyat va tibbiyot muassasalari jamoalari jam bo`ldi. Bir tomonda “Namangan kitob olami”ning kitoblar ko`rgazmasi, bir tomonda yaqinlashib kelayotgan “Gul bayrami” oldidan astoydil izlanayotgan gulchilarning eng noyob gullari namoyishi. Varraklar musobaqasi, sportchilarning ko`rgazmali chiqishlari... Barcha-barchasida tinchlik, farovonlik, go`zallik, shodlik ranglari uyg`unlashib ketgan. 
– Men kecha ertalabdan kelib, sumalak pishirish jarayonini mo`yqalamga olishni boshlagan edim, – deydi yosh musavvir, Namangan davlat universiteti magistranti Muqaddas Temirova. – To`g`ri, bunday gavjum joyda ijod qilish qiyin, lekin bunday jonli manzarani yana qachon, qaerdan topib bo`ladi?! Xayolan chizish mumkin, ammo unda bugungi ruhiyatni aks ettirib bo`lmaydi. Qanchalik uddasidan chiqdim, muxlis va mutaxassislar baho berishar-ku, lekin men shunday go`zal bayramning eng ajoyib manzarasini moybo`yoq bilan matoga ko`chirganimdan g`oyat baxtiyorman.
“Do`ppiday osh” ko`rik-tanlovida mohir pazandalar eng kam miqdor – 250 gramm guruch damlash bo`yicha bahsga kirishdilar, yana bir yonda esa “Tandir shou” bellashuvi, unda novvoyu somsapazlar tandirda pishiriladigan taomlar tayyorlash mahoratini sinovdan o`tkazmoqda.
Bundan tashqari, Namangan shahrining to`rt katta xiyobonida ham xalq sayli davom etdi. Ularda viloyatdagi barcha ansambl, folklor, xalq sirki jamoalari, estrada xonandalari, taniqli adib va shoirlar, san`atkorlar, ma`naviyat targ`ibotchilari joylarda el-yurtga xush kayfiyat ulashdi.






