Rossiyaning NTV kanalida efirga uzatiladigan “Poedem, Poedim!” nomli mashhur sayyohlik shousining navbatdagi sonlaridan biri O`zbekistonga bag`ishlanadi.
O`zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi PR-markazi taklifiga binoan yurtimizga tashrif buyurgan mazkur ko`rsatuvning suratga olish guruhi 19 – 26 mart kunlari Toshkent shahri va diyorimizning janubiy hududlarida faoliyat yuritadi. Joriy yil fevral oyidan boshlab mazkur qo`mitaning asosiy axborot hamkoriga aylangan “Dunyo bo`ylab” telekanali xodimlari rossiyalik hamkasblariga texnik va ijodiy ko`mak ko`rsatadi, shuningdek, mahalliy efir uchun maxsus ko`rsatuv ham tayyorlashadi.
Eslatib o`tamiz, “Poedem, Poedim!” pazandachilik-etnografik shousi O`zbekistonga ikkinchi bor tashrif buyurdi. 2015-2016 yillarda mazkur shou uchun ingliz teleboshlovchisi Jon Uorren tomonidan O`zbekiston haqida tayyorlangan ko`rsatuv muxlislarda katta qiziqish uyg`otgandi.






